Chorshanba mahalliy vaqt bilan soat 00:54 da Afg‘oniston poytaxti Kobul janubidagi Xost shahri yaqinida kuchli zilzila yuz berdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Afg‘onistonning Baxtar axborot agentligining yozishicha, Paktika viloyatining Naki, Zirok, Barmal va Gayan tumanlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida kamida 280 kishi halok bo‘lgan, 600 dan ortiq kishi esa jarohat olgan.

Rasmiylarning aytishicha, falokatda jabrlanganlarni shifoxonalarga evakuatsiya qilish uchun vertolyotlar va tez yordam mashinalari hududlarga yetib borgan. Zilzila ikki viloyatda bir nechta turar-joy binolarini vayron qilgan, qurbonlar soni ortishi mumkin.

AQSh Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, erta tongda 6,1 balli zilzila taxminan 51 km chuqurlikda sodir bo‘lgan. Germaniya Geologiya tadqiqot markazi esa zilzila 10 km chuqurlikda yuzaga kelganini aytmoqda.

Yevropa O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning 500 km dan ko‘proq qismida sezilgan.

Afg‘onistonda yuz bergan zilzila kuchi O‘zbekistonda ham sezildi. FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabariga ko‘ra, Zilzila Surxandaryo viloyatida ko‘proq sezildi — 3 ball. Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 2 balldan sezildi.