Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi bir oydan kamroq vaqt ichida tayyorlandi

Konstitutsiyaviy komissiyaning ilk yig‘ilishidan bir oy ham o‘tmasdan Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Ta’kidlanishicha, Bosh qonunning 66 ta moddasiga 170 dan ortiq tuzatish kiritilmoqda. Biroq, loyihaning to‘liq shakli e’lon qilinmadi.

O‘zbekiston zilzila oqibatlarini bartaraf etishda Afg‘onistonga ko‘maklashishga tayyor — TIV

O‘zbekiston TIV Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirib, hukumat tabiiy ofat oqibatlarini tezroq bartaraf etishda Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

«Gazeta.uz» fotograflari Jahon banki tanlovida sovrindor bo‘ldi

Jahon banki O‘zbekistonda qashshoqlikka qarshi kurashish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan yosh fotosuratchilar o‘rtasidagi qo‘shma tanlov natijalarini sarhisob qildi. «Gazeta.uz» fotograflari Madina A’zam va Yevgeniy Sorochin tanlovning asosiy va maxsus sovrinini qo‘lga kiritdi.

To‘palang suv omboridan chiqayotgan suv tashlamasi me’yoridan ortib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryodagi To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar tarqaldi. FVV buni suv omboridan chiqayotgan suv tashlamasi rejaviy ko‘rsatkichdan oshib ketgani bilan izohladi.

«O‘zbekgidroenergo» «To‘palang» suv ombori pastki qismidan katta hajmda suv chiqishiga GESning 2-komponent inshootidagi suv quvuri to‘sini shikastlanishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Toshkentda 9 kishiga qalbaki aviachiptalarni sotgan tadbirkor qo‘lga olindi

Toshkent shahrida 9 nafar fuqaroga Yaponiya va Rossiyaga uchish uchun qalbaki aviachiptalar rasmiylashtirib berganlikda gumonlangan tadbirkor hibsga olindi. U chiptalarni 2420 dollar va 20,9 mln so‘mga sotgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Fuqarolar va biznes vakillari dalillarga asoslangan qonunchilikni talab etmoqda» — Ruslanbek Davletov

Bir yilda qabul qilingan hujjatlarning 30 foiziga, jumladan tadbirkorlik bilan bog‘liq hujjatlarning 80 foiziga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu qonunchilikning barqarorligiga salbiy ta’sir qilmoqda, «fuqarolar va biznes vakillari dalillarga asoslangan qonunchilikni talab etmoqda», dedi adliya vaziri.

O‘zbekiston besh oyda 615,6 ming tonna meva va sabzavot eksport qildi

Yanvar-may oylarida qiymati 335 mln dollarlik 615,6 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan qaraganda 44 ming tonnaga ko‘p demakdir. O‘z navbatida, ichki bozorda sabzavotlar narxi oshdi.

Boyovut qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi osilgan holda topildi

Sirdaryo viloyati Boyovut tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi ish joyida osilgan holda topildi. U qimor o‘yinida yutqazib qo‘ygani uchun o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining ayrim hududlarida 13 soatga elektr energiyasi uziladi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining ayrim hududlarida 23 iyun kuni soat 7:00 dan 20:00 gacha elektr energiyasi vaqtinchalik uziladi. Bu vaqtda elektr uzatish liniyalarining yangi tayanch ustunlari o‘rnatiladi. Manzillar.

Toshkent viloyatida arxeologiya yodgorligiga 5 mlrd 668 mln so‘m zarar yetkazilgan — DXX

Toshkent viloyatida madaniy meros obyektlarini qayta ta’mirlashda soxta hisob-kitoblar yo‘li bilan 670 mln so‘mga yaqin davlat mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bundan tashqari, Qibray tumanidagi arxeologiya yodgorligi yaqinidagi qurilish ishlari ushbu obyektga 5 mlrd 668 mln so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonning 9 ta hududida sel kelish xavfi e’lon qilindi

O‘zgidromet hafta oxiriga qadar va dushanba kuni kuzatiladigan yomg‘irlar sababli O‘zbekistonning 9 ta hududida sel kelishidan ogohlantirdi. Aholidan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.

Surxondaryoda At Termiziy University nomli soxta universitet tashkil etilgani aniqlandi

Surxondaryoda ikki shaxs faoliyat yuritish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmasa-da At Termiziy University xususiy ta’lim muassasasini tashkil etgani aniqlandi. Ular Telegram orqali targ‘ibot olib borishgani va 73 kishidan qariyb 307 mln so‘m undirgani aytilmoqda. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishi o‘tkazildi

Unda ishchi guruh mamlakatning tashqi savdo rejimiga oid hujjatlarni, shu jumladan respublikaning iqtisodiy va bojxona-tarif siyosati yuzasidan aniq xulosa va ma’lumotlarni muhokama qilishni boshladi. Avvalgi uchrashuv ikki yil oldin o‘tkazilgandi.

Toshkentda Evos filiallarining birida yong‘in sodir bo‘ldi

22 iyun kuni ertalab Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Evos binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Taxminan 40 daqiqadan so‘ng yong‘in o‘chirildi. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, jarohat olganlar va qurbon bo‘lganlar yo‘q.

Hokim yordamchilari uchun halollik bo‘yicha kurslar o‘tkazilmoqda

Prezident tanqididan so‘ng, hokim yordamchilari uchun halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi. Seminarlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari va boshqalar tahlil qilinmoqda.

InterContinental Toshkentga qaytmoqda

InterContinental Hotels & Resorts oradan 10 yil o‘tib, Toshkentga qaytishini ma’lum qildi. Brendning yangi mehmonxonasi poytaxt markazidagi Trilliant Business Park majmuasida joylashadi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

Pandemiyadan keyin trendga chiqqan 8 ta soha

Pandemiyadan so‘ng, aniqrog‘i 2022 yilda yangi trendlar yuzaga keldi. Misol uchun, metaborliq, blokcheyn, telemeditsina, 3D bosma kabi sohalarga bo‘lgan qiziqish ortdi. «Gazeta.uz» 8 ta eng ilg‘or o‘sib borayotgan sohalarning bozordagi o‘rni va hajmi haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi.

Boku — «olovlar mamlakati» poytaxtidan reportaj

Ozarbayjon poytaxti Kavkazdagi eng yirik shahar-port sanaladi. Sohillarini Kaspiy dengizi yuvib turadigan shahar ko‘rkam arxitektura, tarixiy maskanlarga boy. «Gazeta.uz» Bokudagi e’tiborga sazovor joylar, yonuvchi tog‘ va loy vulqonlar, ozarbayjon oshxonasi va sayyohlar uchun maslahatlar haqida so‘z yuritadi.

O‘zbekiston gazni kimdan va qanday narxda olmoqda, deputat nima uchun norozi?

Deputat Rasul Kusherbayev O‘zbekiston mahalliy va xorijiy kompaniyalardan sotib oladigan gaz narxlarini ma’lum qildi. U xorij korxonalari narxlarining yuqoriligidan noroziligini bildirib, bu holatni «vatanidan ko‘ra pulni ko‘proq yaxshi ko‘radigan ayrim amaldorlarning qilmishlari» bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.