Foto: «Gazeta.uz»
Boku — «olovlar mamlakati» poytaxtidan reportaj
Boku — «olovlar mamlakati» poytaxtidan reportaj

Ozarbayjon poytaxti Boku shahri Kavkazdagi eng yirik shahar-port sanaladi. Sohillarini Kaspiy dengizi yuvib turadigan «olovlar mamlakati» markazi ko‘rkam arxitektura, tarixiy maskanlarga boy. «Gazeta.uz» Bokudagi e’tiborga sazovor manzillar, yonuvchi tog‘ va loy vulqonlar, Ozarbayjon oshxonasi va sayyohlar uchun kerakli ma’lumotlar haqida so‘z yuritadi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1995 yil 2 oktabrda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar almashinuvi hozircha katta darajada emas. Shu boisdan O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Ozarbayjon davlat turizm agentligi hamkorlikda Boku shahrining turistik salohiyatini namoyish qilish maqsadida OAV xodimlari uchun info-tur tashkil etdi.

«Gazeta.uz» muxbiri safar davomida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan maskanlar va ta’tib ko‘rgan ovqatlar, qoidalar va ba’zi foydali maslahatlar bilan bo‘lishadi.
Ozarbayjonga tashrif buyuruvchi O‘zbekiston fuqarolari mamlakatda 90 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.
Mamlakatga ikki haftagacha muddatga tashrif buyuruvchilar bepul tarzda onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Mehmonxonada qoladiganlar mehmonxonaning o‘zi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Xususiy uyda qoladiganlar esa mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tadi. Mehmon uylari va xostellarda turish kuniga 15 manatdan (taxminan 9 AQSH dollari) boshlansa, mehmonxonalarda 60 manatdan (taxminan 35 dollar) joylashish mumkin.

Bizning safarimiz vaqtida 100 AQSH dollari 168 manatni tashkil etdi.
Boku shahri tashrif buyuruvchilarni ko‘p qirralliligi bilan ajabga soladi. Aeroportdan kirib kelishda keng yashil maydonlar sokin shahar haqida xabar bergandek bo‘ladi-yu, shahar markazini olisdan ko‘rishingiz bilan birinchi taasurotingiz yanglish bo‘lganini anglaysiz. Zamonaviy baland oynali inshoatlar megapolisdan darak bera boshlaydi. Yana ichkariroq kirsangiz qadimiy Yevropa shaharlariga kirib kelayotganga o‘xshaysiz.
Ozarbayjon poytaxti tarixiy obidalarni sevadigan, arxitektura inshoatlariga qiziqadigan va oddiygina Instagram uchun chiroyli rasmlarga tushishni va tushirishni hoxlaydiganlar uchun ajoyib joy. Bokudagi restoran va kafelar takrorlanmas interer va eksterer dizayniga ega.
Boku shahrida piyodalarga ustunlik berilgan. Shahar haydovchilari ham, piyodalar ham o‘zini erkin his qiladi, deyish mumkin. Yaqindagina Formula-1 musobaqalari bo‘lib o‘tgan shaharning avtomobil yo‘llari shu qadar tekiski, mashina yo‘lda emas, yog‘da ketayotgandek tuyuladi.
Travolator
Bokuda haydovchilar juda ham bosiq xarakterli bo‘lgani uchunmi, yoki bu yerning odati shundaymi, tiqilinch paytida ham signal chalayotgan haydovchilarni uchratish qiyin. Shahar ichidagi tunnellarning barchasida eskalatorlar bor. Ayrimlarida esa travolatorlar bor (harakatlanuvchi yo‘lak).
Barcha toifadagi piyodalar shaharning eng asosiy diqqat markazida. Nogironligi bo‘lganlarga qulaylik yaratish uchun trotuarlardan ko‘chaning narigi betiga o‘tish uchun mo‘ljallangan hududlar asosiy yo‘l bilan bir tekislikka keltirilgan. Svetoforlarda esa eshitish moslamasi bor.
XX asr boshlarida shaharda Yevropa uslubidagi imoratlar qad ko‘tara boshlagan. Imoratlar gotik, barokko, klassik neorenessans, modern, art-nuvo va boshqa uslublarda qurilgan. Shu sababli siz o‘zingizni bir vaqtning o‘zida Ispaniyada, Avstriyada va Yevropaning boshqa mamlakatlarida yurgandek his qilasiz. Bodom rangidagi devorlar asosan «aglay» yoki «bodamdar» deb ataluvchi ohaktoshdir. Ozarboyjon hududida million yillar ilgari okean bo‘lgani uchun ushbu xom ashyo qurilishda ko‘p ishlatilgan, deyiladi. Hattoki, XVII asrda ushbu toshdan solingan karvonsaroy devorlari hali hanuz mustahkam.

Boku shahrida zamonaviy uslubdagi inshootlar bo‘lishiga qaramay, shahar qurilishida bodom rangidagi yaxlit mayin uslub saqlanishiga e’tibor qaratiladi. Yevropacha uslubda qurilgan imoratlarda ozarboyjoncha naqshlar va bezaklarni uchratish mumkin. Bu orqali Ozarbayjon xalqining o‘ziga xosligi saqlanib qolinganini ko‘rish mumkin.
Muhabbat timsoli
Bokuda muhabbat timsoli deb hisoblanadigan «Baxt saroyi» mavjud. Mahalliy afsonalarga ko‘ra, metsenat Murtoza Muhtor rafiqasi Liza Tuganova bilan Yevropada sayr qilib yurganida, Liza ajoyib bir imoratni ko‘rib qoladi va turmush o‘rtog‘iga uning go‘zalligini aytadi. Murtoza Bokuga qaytgach, arxitektor Yuzef Ploshkoga o‘sha imoratning nusxasini shaharda qurishga buyurtma beradi.

«Baxt saroyi» qurilishiga bor-yo‘g‘i 1 yil ketgan. Bino tayyor bo‘lgach, Murtoza rafiqasiga shahar bo‘ylab sayr qilishni taklif etadi va Liza ko‘chada Yevropada ko‘rgani kabi imoratni ko‘rib hayratlanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu bino nusxa olingan Yevropadagi imorat Berlin shahrida joylashgan bo‘lgan, lekin u Ikkinchi jahon urushi paytida yo‘q qilingan.
«Baxt saroyi»
Sohil bo‘yi shahar markazidagi go‘zal joylardan biridir. Dengiz sohilini aylanishni tavsiya qilaman. Buning uchun eng qulay vaqt tong payt yoki quyosh nurlarining kuchi pasaygan vaqtidir. Sohil bo‘yi odamlarning sayr qilishi va dam olishi uchun qulay qilingan.

Sohilda dengizning o‘ziga xos hidini ham sezish mumkin.
Dengiz sohili

Kechki payt kemaga chiqib dengizda suzish mumkin.

Agar dengiz kasaliga chalinishdan qo‘rqadiganlar bo‘lsa, dengiz qirg‘og‘idagi tanker muzeyi Suraxani`ga borishingiz mumkin.

Bu muzeyda kemasozlik haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishingiz va kemalarda qadimda va yaqin tarixda ishlatilgan buyumlarni, topishingiz mumkin.

Sohil bo‘yida shuningdek, Gilamlar muzeyini yoki Avstraliyaning Sidney shahrida joylashgan Opera teatriga o‘xshash qilib qurilgan Dengiz mall`ni (savdo kompleksini) ko‘rish mumkin.

Gilamlar muzeyi
Dengiz mall
Flame Towers

Ozarboyjonni ko‘pincha «olovlar mamlakati» deb atashadi. Buning bir nechta sababi bor.


«Ozarboyjon» so‘zi «olov qo‘riqchisi» ma’nosini anglatadi. Davlat neft va gazga boy. Alanga hamma vaqt Boku timsoli bo‘lgan. Boku gerbida ham uchta alanga aks etgan bo‘lib, ular poytaxtda joylashgan Flame Towers (Alanga minorasi)ning asosiy g‘oyasidir. Bu minoralar Ozarboyjon timsoliga aylanib ulgurgan. Uning fonida rasmga tushish sayyohlarning eng sevimli mashg‘uloti.

Nizomiy ko‘chasi
Ushbu ko‘cha Ozarboyjonning ulug‘ shoiri Nizomiy Ganjaviy nomiga qo‘yilgan bo‘lib, u Hamsa yozgan ilk shoirdir.

Bu ko‘cha Bokuning asosiy ko‘chasi. U sayyohlarning va shahar aholisining eng sevimli joyi hisoblanadi. Bu yerda turli xil brendlarning do‘konlari joylashgan. Ushbu ko‘cha favvoralar xiyoboniga olib chiqadi.
Tarixiy obidalardan tashqari, shaharda yangi zamonaviy uslubdagi inshoootlar ham ko‘p. Shulardan biri Haydar Aliyev madaniy markazi. To‘g‘ri chiziqlarga ega bo‘lmagan bu inshoot to‘lqinsimon shaklda bo‘lib, o‘tmishning kelajak bilan bog‘langanini anglatadi.

Markazning intereri ham o‘zgacha bo‘lib, unda doimiy va ko‘chma ko‘rgazmalar tashkillashtiriladi. Markazning ikkinchi qavatida Boku shahri va mamlakatning boshqa viloyatlarida joylashgan 45 ta tarixiy va arxitektura binolarining maketlari bor. Shuningdek, yer osti qavatlarida retro avtomobillar zali mavjud.
Haydar Aliyev madaniy markazi
«Icheri sheher» (Ichki shahar)
Dengiz sohiliga yaqin hududda Bokuning tarixiy markazi joylashgan
«Icheri sheher»ga kiraverishda siz «Qiz qal’a»sini ko‘rishingiz mumkin. Ushbu qal’a qanday vazifani bajargani bilan bog‘liq ko‘plab bahsli fiklar bor. Gid Iskender Tagiyevning aytishicha, ushbu inshoot rasadxona vazifasini bajargan. Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi bu yerda ham yulduzlar harakatini o‘rganish uchun simob ishlatilgan. Tagiyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi Ulug‘bek rasadxonasida 40 metr uzunlikdagi quvur yer tagiga ketgan va uning oxirida esa simobli idish joylashtirilgan bo‘lgan. Tungi osmonda harakatlangan jism aksi ushbu simobli idishga tushgan. Simob tasvirlarni kattalashtirish xususiyatiga ega. «Qiz qal’asi»da esa inshoot ichidagi quvur 5,5 metrni tashkil etib, uning ichiga 5 metrgacha bo‘lgan idishga simob qo‘yilgan. Shu orqali, astronomlar tadqiqotlar olib borishgan.
«Чёрт побери!» yoki «Brilliant qo‘l» filmi tasvirga olingan joy
«Icheri sheher»da xalqimizga yaxshi tanish bo‘lgan «Brilliant qo‘l» filmi tasvirga olingan ko‘cha joylashgan. Ichki shaharga kirganingizda hoxlagan odamdan «Chyort poberi!» qayerda deb so‘rasangiz darhol sizni tushunishadi.

Gidlar hazillashib bu ko‘chani Bokudagi eng toza ko‘cha deb atashadi. Chunki bu ko‘chada ko‘p odamlar ataylab yiqiladi. Qiziq tomoni shundaki, filmda dorixona sifatida ko‘rsatilgan ushbu joy aslida bo‘sh turgan imorat bo‘lgan. Film ekranlarga chiqqanidan so‘ng bu ko‘cha eng gavjum joyga aylangan. Bu joy hozirda suvenirlar do‘koni.
Shahar ichkarisida cho‘milishga ruxsat yo‘q. Plyajlar asosan shahar tashqarisida joylashgan va pullikdir. Bizlar borgan dengiz sohiliga kirish uchun to‘lov 20 manatni tashkil etdi. Dengiz sohillari qumli, toshli va chig‘anoqli bo‘lishi mumkin. Biz borgan joyda dengiz bo‘yi qumli va chig‘anoqli edi. Ehtiyot bo‘lmasangiz, chig‘anoqlar oyog‘ingizni kesib ketishi mumkin.
Yanar dag
«Yanar dag»
Avval aytganimizdek, Ozarbayjon gaz va neftga boy — olovlar mamlakati. «Yanar dag» ozarbayjon tilida yonadigan tog‘ ma’nosini anglatadi. Shahar tashqarisida joylashgan ushbu maskanda tabiyiy usulda yonadigan olovni ko‘rishingiz mumkin. «Yanar dag» haqida XIII asrda ilk bor sayohatchi Marko Polo yozgan. Ushbu yonadigan tog‘da olov birinchi bor qachon yonib boshlagani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Chunki necha asrlar bo‘yi avlodlar bu tog‘ har doim yonib turganini aytib kelgan. Bu olov tabiyiy gazning sizib chiqishi sababli qor-yomg‘ir yog‘sa ham hech qachon o‘chmaydi.
Qobustan – qoyatoshlardagi rasmlar
Qobustan — Ozarbayjon sivilizatsiyaning eng qadimiy markazlaridan biri. Mamlakat hududida ibtidoiy odamlarning yashagan g‘orlarida o‘sha davrdan qolgan qoyatosh rasmlari mavjud. Boku yaqinida joylashgan Qobustanning qoyalarida siz aynan shunday qoyatoshlardagi rasmlarni ko‘rishingiz mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ibtidoiy odamlar xudolaridan yomg‘ir so‘rab, maxsus toshni urib, musiqa chalishgan. Tepalikdagi qoyatoshda odamlarning shu kabi marosimlarda raqsga tushgani ifodalangan. Raqsga tushayotgan odamlar rasmi Qobustanning ramziga aylangan.
Loy vulqonlar
Aytishlaricha, Ozarboyjonda 700 ga yaqin loy vulqonlar joylashgan.
Vulqon deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga katta, ichida olov yonayotgan vulqonlar keladi. Lekin biz Ozarboyjonda ilk bor loy vulqonlari bilan tanishdik.

Ularning 350 tasi faol. Vulqonlarning ko‘pchiligi Bokuga yaqin joyda va Kaspiy dengizi sohillarida joylashgan. Aynan shu davlatda dunyodagi eng katta – Turagay loy vulqoni bor. Qobustan hududida faol katta-kichik loy vulqonlarini ko‘rishingiz mumkin. Ularning biridan sementga o‘xshash, biridan esa bitum aralash suyuqlik chiqadi.
Mutaxassislar loy vulqonlarda cho‘milib bo‘lmasligini aytadi. Gap shundaki, vulqon og‘zida vaakum bo‘shliq mavjud, agar siz unga tushib ketsangiz, u sizni tortib ketadi va u yerdan sizni hech kim chiqarib ololmaydi.
Ozarbayjon oshxonasi
Ozarboyjan oshxonasida asosan poliz va sabzavotlardan tayyorlangan taomlar, ishtaha ocharlar va salatlar iste’mol qilinadi. Eng ko‘p uchratish mumkin bo‘lgan masalliqlardan biri bu — baqlajon, undan tayyorlangan har xil taomlar va salatlarni ko‘rish mumkin: qiyom quyilgan baqlajon, qaynatilgan ikra, dimlangan, bug‘langan baqlajon asosiy taomlardan oldin beriladi.
Shuni yodda tutish kerakki, salatlarni ko‘p yeb qo‘yish kerak emas, sababi asosiy taomlar ketma-ket berilgan salatlardan keyin tortiladi. Safarimizning birinchi kunida salatlar bilan to‘yib bo‘lganimizda kaboblar tortildi.

Ozarbayjonliklar ham go‘shtsevar xalq. Farqli tomoni shundaki, ular go‘shtli taomni yeyish vaqtida ovqat ustiga maxsus sirka quyishadi. Aytilishicha, ushbu sirka go‘sht tarkibidagi yog‘larning erishiga va ovqatning tez hazm bo‘lishiga yordam beradi.
Ozarbayjon chuchvarasi juda ham mayda bo‘ladi. Mahalliy aholining aytishicha, qadimda ozarboyjonliklar sovchilik uchun qizning uyiga borganida, nomzodga chuchvara pishirtirishgan. Agar bitta qoshiqqa faqat 4 ta chuchvara sig‘sa, demak bo‘lg‘usi kelin erinchoq va oziq-ovqatni, ayniqsa go‘shtni yaxshi iqtisod qilmaydi, deb hisoblashgan. Agar bitta qoshiqqa 13 tadan ko‘proq chuchvara sig‘sa, demak qiz sabrli va pulni aql bilan ishlatadi, deb o‘ylashgan. Bu urf-odatga hozirda kelin tanlashda amal qilinmasa da, lekin chuchvarani mayda qilib tugish hanuzgacha saqlanib qolgan.

Shuni aytish kerakki, ozarboyjonliklar go‘shtli taom tayyorlashda olcha, qizil va anor ishlatadi. Olchali qayla yoki olchada pishirilgan go‘shtning ta’mi nordonroq bo‘ladi. Ozarboyjon oshxonasidan qaysi taomni yeb ko‘rishni maslahat berasiz, desangiz – mantini degan bo‘lardim. Mantiga qo‘shimcha kichkina ko‘zachada qatiq ham berishadi.
Mantining ozarboyjoncha nomi - gyurza.
Choy eng oxirida
Cho‘yan choynak aslida Ozarbayjon milliy choynagi emas. Restoranlar bu choynakni issiqliqni uzoq vaqt ushlab turgani va sayyohlarni jalb qilgani uchun ko‘p ishlatishadi.
Bizda kelgan mehmonga eng avvalo choy beriladi, ozarboyjonliklar esa choyni eng oxirida berishar ekan. Dasturxonga o‘tirishingiz bilan suv va har xil salqin ichimliklar, sharbatlar taklif etiladi. Choyga ikki xil rangdagi qand beriladi. Qo‘ng‘ir qand — tishlab yeyish uchun, choyga solish uchun emas, chunki uning tarkibida har xil yong‘oqlar bor. Choyga solish uchun oq qand yaxshiroq.

Murabbo
Ovqatlanib bo‘linganidan keyin choy bilan murabbo beriladi.
Murabbo – Ozarbayjon oshxonasining ajralmas qismidir. Ozarbayjonliklar barcha mevadan murabbo yopishadi, hattoki yong‘oqning dovuchchasidan ham (rasmdagi qora rangli murabbo). Murabbolar shakarda emas asalda yopilganga o‘xshaydi, chunki o‘ta shirin. Choyga har xil murabbolar taklif etilishi mumkin, lekin ularning ichida sariq gilosdan yopilgani asosan mezbon tomonidan juda ham hurmat qilinadigan mehmonga taklif etiladi.
As qotishi mumkin bo‘lgan maslahatlar
Politsiya xodimlarini tasvirga olmang
Ozarboyjon davlati yaqinda urushni boshidan o‘tkazgan mamlakat. Shu bois, bu yerda xavfsizlik masalasiga katta e’tibor beriladi. Qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, politsiya xodimlarini yoki maxsus kiyimdagi organ xodimlarini fotoga yoki videoga olmang – bu taqiqlangan. Ular sizning rasmga olayotganingizni ko‘rishsa, sizga kelib ularni o‘chirishni talab qilishi mumkin. Yoki hujjatlaringizni tekshirishi mumkin.
Covid-19 vaksinasi sertifikatini o‘zingiz bilan birga olib yuring
Ozarbayjonda hali ham Covid-19 bilan bog‘liq qoidalar saqlanib qolingani bois, ko‘p odam to‘planadigan joyga kiraverishda sizdan Covid-19 vaksinasini olganlik to‘g‘risida sertifikat so‘raladi. Shu bois, sertifikatni har doim o‘zingiz bilan olib yurganingiz ma’qul.
Savdolashing
Ozarboyjon ham sharqiy davlat bo‘lgani uchun bozorlarda, suvenir do‘konlarida savdolashish o‘rinli. Masalan, suvenir do‘konidan narsalarni 2-10 manatgacha tushirib olsa bo‘ladi. Agar sotuvchi narxdan tushmasa, u holda o‘zi sizga xarid qilayotgan narsangizga magnit yoki boshqa narsa qo‘shib berishni taklif etadi. Buni agar sotuvchi aytmasa o‘zingiz taklif qilishingiz mumkin.
Shahar ichida «Yashil bozor» va yaqindagina ochilgan «Sharq bozori» bor. Lekin, mahalliy aholi «Sadarak» bozoridan savdo qiladi. Bu yerga Erondan va boshqa davlatlardan mahsulotlar keladi. Aytishlaricha, narxlari shahar markazidan ko‘ra bir muncha arzonroq va donaga sotiladi. Suvenirlardan tashqari yaqinlarga sovg‘a sifatida Ozarbayjon choyini tavsiya etgan bo‘lardim, chunki ta’mi yaxshi. «Azerchay» deb nomlangan oq qutidagi choyning «Buket» deganini olsangiz bo‘ladi.
Ozarboyjonga yo‘l olayotgan bo‘lsangiz, bilingki, bu yerning xalqi juda ham ochiq ko‘ngil va mehmondo‘st. O‘zbek xalqini qardosh xalq deb biladi va sizning O‘zbekistondan ekaningizni bilsa «O-o-o, O‘zbekiston» deydi. Qaysi millat vakili bo‘lsa ham, ozarboyjonliklar mehmonlarni juda ham hurmat qilishadi. Sizga yordam kerak bo‘lsa, ishini va ketayotgan yo‘lini tashlab, yordam berishga shoshadi.
Matn muallifi Lolagul Qallixanova.
Fotosuratlar mualliflari: Aziza Uzakbergenova va Lolagul Qallixanova.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting