Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Buxoro xalqaro aeroporti uchun yangi terminal va Urganch shahrida yangi aeroport qurish rejalari haqida gapirdi.

11 aprel kuni davlat-xususiy sheriklik asosida Buxoro aeroportining yangi xalqaro terminalini qurish loyihasi prezidentga taqdim etilgan edi. Investitsiyalar hajmi 136 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Loyiha 2022−2024 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«Buxorodagi aerodrom rekonstruksiya qilinadi. U yerda butun aerodrom diqqat bilan ko‘zdan kechirildi. Poydevori yaxshi holatda… Lekin u yerda go‘zal, xuddi Samarqanddagidek yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish kerak bo‘ladi. Biz uning lokatsiyasini o‘zgartirmayapmiz, o‘sha joyda bo‘ladi — bu yangi terminal uchun joy topildi, — dedi Ra’no Jo‘rayeva.

Urganch aeroportiga kelsak, «u yerda hammasi sho‘rlanish tufayli yaroqsiz holga kelgan va rekonstruksiyaga yaramaydi», deya ta’kidladi Uzbekistan Airports rahbari.

«Buxoroda ham shu muammo bor, lekin turklar 2008 yildan 2012 yilgacha u yerda betonli poydevor yasashgan va juda yaxshi qurishgan. Ya’ni, uning betoni hozirda ishlab chiqarilayotgan betonga qaraganda sifatliroq. Shuning uchun u yaxshi holatda. Biz [poydevorni tekshirish uchun] 50 dan ortiq teshik ochdik va betonning holatini ko‘rib chiqdik, uni hamma joyi yaxshi holatda», dedi u.

Ra’no Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, yangi Urganch aeroporti uchun joyni mavjud havo bandargohi orqasida joylashtirish taklif qilingan.

«U yerda bo‘sh yer uchastkasi bor, hech kim yo‘q. Biz hech kimni sotib olganimiz yo‘q, hech kimni haydaganimiz ham yo‘q. Qishloq xo‘jaligi yerlarining bir qismi uning hududiga o‘tadi, ammo biz u yerning bir qismini shaharga beramiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq biz shu intervyuda Uzbekistan Airports rahbari Toshkentda yangi aeroport qurish taklifini bergani, Farg‘ona vodiysi hamda hududiy Silk Avia aviakompaniyasi uchun yagona aeroport loyihasi haqida gapirganini yozgan edik.