UNICEF O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlaridan xavotirda, deyiladi tashkilotning mamlakatdagi vakolatxonasi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, birgina o‘tgan oyning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani, jumladan, kuyov kelinning boshiga urgani, ikki erkak ayolni samosud qilgani, ona bolani kaltaklagani tasvirlangan videolar e’lon qilingan edi.

“Tashkilot bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka befarqlikdan ogohlantiradi va jamiyatning bunday holatlarga munosabatini o‘zgartirishga chaqiradi”, — deyiladi UNICEF bayonotida.

Tashkilotning ta’kidlashicha, ayrim hodisalar, jumladan, go‘daklar bilan bog‘liq bo‘lganlari, jamoatchilik ko‘z oldida va kuzatuvchilar ishtirokida sodir bo‘lmoqda.

“Ayollar va bolalar, ayniqsa qizlar, har kuni zo‘ravonlikdan aziyat chekmoqda va bu, afsuski, maqbul, normal, yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan va „oilaning ishi“ deb qaraladi. Zo‘ravonlik holatlarining oldini olish mumkin. Zo‘ravonlikka barham berishda har kimning o‘rni bor. Odamlarning zo‘ravonlikka munosabatini o‘zgartirish, jazosiz qolishga chek qo‘yish, ijobiy tarbiya me’yorlari va amaliyotini targ‘ib qilish, jabrlanganlarga malakali yordam ko‘rsatish zarur”, dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Dunyo bo‘ylab har to‘rt boladan biri zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi va har besh daqiqada bir bola zo‘ravonlikning turli shakllari tufayli vafot etadi. Bunday holatlarni erta aniqlash, ishonch telefonlari va maktablarda ish olib borish — ana shu isbotlangan samarali choralar zo‘ravonlikka qarshi kurashda yordam beradi.

Yo‘naltirish mexanizmi bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashning muhim boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va adliya sohalari mutaxassislarining roli va majburiyatlarini aniq belgilash kerak, deya ta’kidladi tashkilot.

Hozirda UNICEF O‘zbekistonda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi davlat tuzilmalarining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida butun mamlakat bo‘ylab 50 000 nafar patronaj hamshiralar oilalarga tashrif buyurish uchun zarur ko‘nikma va materiallarga ega bo‘lib, ular boshqa masalalar qatorida bola tarbiyasini qo‘llab-quvvatlash, bolalar ehtiyojlariga befarqlik va jismoniy zo‘ravonlik holatlarini aniqlashlari mumkin.

Shuningdek, UNICEF Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash kotibiyatining Bolalarni himoya qilish bo‘yicha yangi sektori, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va Bolalar ombudsmani bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va ularga javob berish bo‘yicha standart protseduralarni ishlab chiqish va tadbiq etish borasida hamkorlik qilmoqda.

Bundan tashqari, UNICEF oilalar ehtiyojlarini keng miqyosda ko‘rish, xavflarni aniqlash va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun ularni tegishli xizmatlar bilan bog‘lash imkonini beruvchi, har bir holatni alohida ko‘rib chiquvchi — keys menejment tizimini kengaytirishda mamlakattga ko‘mak bermoqda.

Amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar bilan bir qatorda ijtimoiy ishchilar institutini yaratish va bu muammoni tizimli hal qilish uchun butun jamiyatni safarbar etish zarur, deya qayd etdi UNICEF.