1 iyun holatiga ko‘ra O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari o‘tgan oyda 497,1 mln dollarga kamaygan holda 35,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu Markaziy bank ma’lumotlarida aks etgan.

Bu pasayish asosan xorij valyuta zaxiralarining 13,15 mlrd dollargacha qisqarishi hisobiga kuzatildi, bunda yo‘qotishlar 354,9 mln dollarga teng bo‘ldi.

Oltin zahiralarining qiymati esa 21,18 mlrd dollargacha kamayib ketdi, yo‘qotishlar esa 146,4 mln dollarga yetdi. Shunga qaramasdan ularning fizik hajmi 0,3 mln troy unsiyaga (9,3 tonna) oshib, 11,4 mln troy unsiyaga (taxminan 354,6 tonna) yetdi.

Manba: London metallar birjasi (LME).

Bu may oyida oltin narxining 3,4 foizga — 1910 dollardan 1844,4 dollargacha tushishi bilan bog‘liq.

Mavjud zaxiralar 2021 yilda 25,5 mlrd dollarni tashkil etgan yillik import hajmidan ancha yuqori. Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga ko‘ra, zaxiralar kamida uch oylik importni qoplashi kerak.