Andijon shahridagi xonadonlarning birida ikki nafar voyaga yetmagan fuqaroning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgani haqida yozgandik. Bosh prokuratura mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, 1995 yilda tug‘ilgan Izboskan tumanida yashovchi ayol hibsga olinganini ma’lum qildi.

«Ushbu ayolning nomida bo‘lgan uyda 2022 yil aprel oyidan buyon qarindoshi (xolavachchasi), 2 nafar voyaga yetmagan farzandi (o‘g‘li 10 yosh, qizi 7 yosh) va buvisi bilan yashab kelishgan», — deyiladi xabarda.

Ayol ko‘rsatuvida, xolavachchasi sabab oilasi buzilib ketganligi uchun yuklarini o‘z uyiga olib kelmoqchi bo‘lganida xolavachchasi bunga qarshilik qilganligi, unga uyni bo‘shatib qo‘yish haqida qo‘ygan talabini ham rad qilib kelayotganini bildirgan.

«Shunda ayol xolavachchasidan qasd olish maqsadida uni uyda yo‘qligidan foydalanib hamda buvisi ko‘z ko‘rish va qulog‘i eshitish qobiliyati pastligini bilgan holda 16 iyun kuni uyga kelib, xolavachchasining 2 nafar farzandini qasddan o‘ldirgan», — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Jasadlarini esa uyni ayvon qismidagi polning tagidagi yerto‘laga yashirgani aytilmoqda.

Hozirda gumonlanuvchi ayol protsessual tartibda ushlangan.