Samarqand va Toshkent shaharlarida huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida O‘zbekiston fuqarolarini AQShga noqonuniy yuborish holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda «O‘zbekiston24» telekanalida efirga uzatilgan reportajda ma’lum qilindi.

Samarqand huquq-tartibot idoralariga ikki nafar shaxs O‘zbekiston fuqarolarini 40 ming dollar evaziga viza rasmiylashtirib berishni va’da qilib, AQShga noqonuniy tarzda jo‘natish bilan shug‘ullanayotgani haqida ma’lumot kelib tushdi, deyiladi xabarda.

Shaharning Registon ko‘chasida 39 yoshli ayol fuqaroning yashil pasporti, xorijga chiqish pasporti hamda kelishilgan pulni olayotgan vaqtda jinoyat ustida ushlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Toshkent shahrining Olmazor tumanida ayolning 30 yoshli sherigi 3 ming dollar pulni olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.