Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo mamlakatlaridagi ruhiy salomatlik holatini baholadi. Ruhiy salomatlik xizmatiga bo‘lgan ehtiyoj shunchalik kattaki, yordam xizmatlari mahalliy darajadagi birlamchi tibbiy yordamning bir qismi bo‘lishi kerak, deyiladi hisobotda.

Pandemiyaning birinchi yilida depressiya va bezovtalik 25% ga oshdi. Bu allaqachon ruhiy kasalliklardan aziyat chekayotgan 1 milliardga yaqin odamlardan tashqari ko‘plab odamlarga ta’sir qildi.

«Biz ruhiy salomatlikni mustahkamlash, himoya qilish hamda yordamga muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha o‘z munosabatimiz, harakatlarimiz va yondashuvlarimizni o‘zgartirishimiz kerak», — deya ta’kidlaydi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus hisobot so‘zboshida.

Odamlar qashshoqlik, zo‘ravonlik, tengsizlik bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechirganda ruhiy kasalliklar xavfi yuqori bo‘ladi. Insonning aqliy rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan davrlarda — birinchi navbatda bolalikda — odamga ta’sir qiladigan xavf omillari ayniqsa xavflidir.

Go‘daklik, bolalik va o‘smirlik davrlari — insonning jismoniy sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xavf omillariga ayniqsa ta’sirchan, zaif bo‘lgan hayot davrlaridir. Aynan shu davrdagi tarbiya, g‘amxo‘rlik va o‘rganish uchun qulay sharoitlar kelajakda ruhiy salomatlikni muhofaza qilishning kuchli omillari bo‘lishi mumkin.

Odamlarni yanada chidamli qiladigan himoya omillari bular: individual ijtimoiy va emotsional ko‘nikmalar va sifatlar, o‘zaro ijobiy ijtimoiy aloqalar, sifatli ta’lim, munosib ish joyi, xavfsiz muhit va ijtimoiy birlikdir.

Xatarlarni kamaytirish va himoya omillarini kuchaytirish strategiyasi quyidagilardan iborat:

  • ruhiy salomatlikni mustahkamlash va himoya qilishni rag‘batlantiradigan qonunlar va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • bemorlarga g‘amxo‘rlik qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash;
  • tahqirlashga qarshi kurash choralarini amalga oshirishni o‘z ichiga oluvchi maktab dasturlarini ishlab chiqish;
  • odamlar o‘rtasida, shu jumladan raqamli muhitda muloqot qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish.

Maktabning ijtimoiy va emotsional ta’lim dasturlari har qanday daromadli mamlakatlarda ruhiy salomatlikni mustahkamlashning eng samarali strategiyalaridan biridir.


Foto: JSST.

Ruhiy salomatlikka ehtiyoj yuqori, ammo choralar yetarli emas

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda har sakkiz kishidan biri ruhiy kasallikdan aziyat chekadi. Bu mamlakatlar va jamiyatlar iqtisodiyoti uchun qimmatga tushadi, ammo muammo shundaki, ularga yetarlicha e’tibor berilmayapti.

O‘rtacha hisobda mamlakatlar sog‘liqni saqlash uchun ajratilgan barcha xarajatlarning 2% dan kamrog‘ini ruhiy salomatlikka ajratadi. O‘rtacha daromadli mamlakatlarda bunday xarajatlarning 70% dan ortig‘i hali ham psixiatriya shifoxonalariga to‘g‘ri keladi. Muammolar orasiga xizmatlar sifati, ruhiy salomatlik savodxonligi, kamsitish kiradi.

Ko‘p joylarda rasmiy ruhiy salomatlik xizmatlari umuman mavjud emas. Natijada ko‘pincha odamlar yordam so‘ramasdan ruhiy kasallik bilan yashashni davom ettirishadi.

Ruhiy salomatlik tizimidagi o‘zgarishlar

Ruhiy salomatlikka sarmoya kiritishning uchta asosiy sababi salomatlikni mustahkamlash, inson huquqlariga amal qilish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdir.

JSST ruhiy salomatlik departamenti direktori Devora Kestel «Ko‘pchilik jamiyatlar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlari ruhiy salomatlikka yetarlicha e’tibor bermaydi va odamlarni kerakli va ular loyiq bo‘lgan g‘amxo‘rlik va yordam bilan ta’minlamaydi», deya qayd etdi.

JSST ta’kidlashicha, sog‘liqni saqlash bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar ko‘p tarmoqli, ko‘p funksiyali yondashuvni qo‘llashlari kerak. Chunki ruhiy kasalliklari bo‘lgan odamlar ko‘pincha klinik yordamdan tashqari xizmatlar va yordamga ham muhtoj bo‘ladi.

Hisobotda O‘zbekiston misoli keltiriladi: 2021−2030 yillar uchun keng tarqalgan va og‘ir ruhiy kasalliklarga ilmiy asoslangan choralar ko‘rishni kengaytirish uchun 398 million dollar sarmoya kiritish keyinchalik samaradorlikni tiklash hamda sog‘liqni saqlashni yaxshilashdan rejalashtirilgan 382 million dollarlik foyda keltiradi. Bu esa 701 million dollarga baholanadi.

Epilepsiya (1) va depressiyani (2) davolash hamda депрессия va o‘z joniga qasd qilishning oldini olish uchun universal maktab ta’limi (3) unumdorlikni tiklash va har bir sarmoya qilingan dollar uchun 8,7 dollar (1), 3,4 dollar (2) va 3 dollar (3) o‘sish nuqtai nazaridan sarmoyadan olinadigan eng yuqori foydani ta’minlaydi.

Barcha mamlakatlarda ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislar sonini ko‘paytirish, shu bilan birga boshqa tibbiyot xodimlari va ularning ushbu sohadagi malakasini oshirish zarurati mavjud. Xususan, birlamchi tibbiyot xodimlari va keng doiradagi ijtimoiy xodimlar ruhiy kasalliklarni aniqlash, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda zarurat tug‘ilganda bemorlarga yo‘llanma berish va kuzatish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarga o‘qitilishlari kerak.


Foto: JSST.

JSST hisobotida qayd etilishicha, ruhiy kasalliklarga chalingan odamlar tuzalib, yanada yaxshi va mazmunli hayot kechirishlari uchun tibbiy ishlar bolalarni himoya qilish, ta’lim olish imkoniyati, bandlik va ijtimoiy himoya kabi ijtimoiy xizmatlar bilan birga teng olib borilishi kerak.