Hozirda Koreya Respublikasida vaqtincha ishlash istagidagi fuqarolar uchun Toshkent shahrida EPS-Topik test imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mazkur imtihonlarda boshqa fuqaroning o‘rniga kirib test topshirayotganlarni ogohlantirdi.

Test imtihonlarida inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan test o‘tkazish uchun maxsus planshetlar beriladi.

Planshetdagi test savollari ishtirokchi qiyofasi (Face ID) avtomatik tarzda aniqlangandan keyin ochiladi.

«Shunga qaramay, bugungi kunga qadar boshqa fuqaro o‘rniga testga kirish va testda qo‘shimcha vositalardan foydalanishga urinish bilan bog‘liq 23 ta holat aniqlangan», — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, test imtihoni qoidalarini buzgan fuqaro 3 yil davomida ushbu imtihonda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni imtihon jarayonida barcha tartib-qoidalarga rioya qilishga chaqirmoqda.