Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan 2021 yil sentabrda giyohvandlik vositalarini yetkazib berish va sotish bilan bog‘liq ikkita holat aniqlangan. Ikkala holat bo‘yicha ham sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1984 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro M.B. muqaddam narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlanib, ma’lum bir muddat ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘taganidan keyin, axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan vaqtida, yana shunday jinoyatga qo‘l urgan.

Qayd etilishicha, u 2021 yilning sentabr oyida Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent shahrida yashovchi shaxs tomonidan Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga yashirib ketilgan 9 kg 751 gramm «opiy» giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.


Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogar ushbu giyohvandlik moddasini keyinroq kerakli manzilga yetkazib berishi uchun samarqandlik narkokur’erga 10 ming dollar berishi lozim bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarga nisbatan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan 2021 yilning sentabr oyida o‘tkazilgan yana bir boshqa tadbirda esa «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Kia Bongo rusumli avtomashina Samarqand viloyatining «Yuqori nuqta» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgandi.

Natijada, unda ketayotgan Samarqand shahrida yashovchi, H.Z. (1984 y.t.) va M.X. (1991 y.t.) larga tegishli 5 kg 953 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olinadi.


Ma’lum bo‘lishicha, ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan ushbu giyohvandlik moddasini «O‘rikzor» bozori yonida noma’lum shaxslardan qabul qilib olib, kelgusida uni sotish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilishgan. Giyohvandlik vositasi uchun ular tojikistonlik narkosavdogarga 36 ming dollari berishgan.

Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarlar Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismida (Ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga suiqasd qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, ularning har biriga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.