Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21 iyundagi majlisida qonun loyihasi muhokamasi vaqtida deputatlar Rasul Kusherbayev va Alisher Qodirov o‘rtasida dahanaki tortishuv yuzaga keldi.

Gap elektron dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida ketmoqda. Rasul Kusherbayev mazkur qonun loyihasini deputatlarga taqdim etar ekan, barcha partiyalar fraksiyalariga o‘zlarinnig munosabatini bildirish bo‘yicha taklif bilan chiqilganini eslatib o‘tdi.

«O‘tgan davrda barcha partiya fraksiyalaridan mavjud loyihani qo‘llab-quvvatlovchi mazmundagi xatlar berildi. O‘tgan davrda biz birorta deputatdan yoki alohida guruhlardan mana shu qonun loyihasi bo‘yicha takliflarni olmadik. Shu boisdan qo‘mitamiz birinchi o‘qishda kiritilgan loyiha variantini yana kun tartibiga kiritish va ovozga qo‘yish taklifi bilan chiqayapti», — dedi Rasul Kusherbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yagona o‘zgarish bu — yangi amaliyotga ko‘ra qonunlarni qabul qilishda preambula qismi qo‘shilgan. U boshqa o‘zgarishlar yo‘qligi bois deputatlardan moddama-modda ikkinchi o‘qishda ko‘rib, ma’qullashni so‘radi.


Milliy tiklanish fraksiyasi a’zosi Ilhom Abdullayev esa qonunning birinchi moddasidayoq o‘zining e’tirozini bildirdi.

«Ochig‘ini aytganda men gapirishni xohlamagandim. Agar qo‘mitaning pozitsiyasi shunday bo‘lsa, agar sizni shunaqa qonun qoniqtirsa, hech narsa qilmasdan uni qabul qilishni xohlayotgan ekansiz — qabul qiling, kim sizga qarshilik qila olardi? Faqat deputatlarning e’tiborini 201−1-moddaga qaratmoqchiman. Bu fuqarolar informatsion huquqlarining jiddiy buzilishi. Uni bu ko‘rinishda qabul qilish mumkin emas. Ularni nima deyishmasin, 201−1-modda bu shunchaki jinoyatdir», — dedi u.

Rasul Kusherbayev bunga javoban, mazkur masala o‘tgan safar ham ko‘tarilganini qayd etdi.

«Bu yerda tergovchi-surishtiruvchiga yoki prokuror yo sudning talabiga ko‘ra fuqarolar, korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tergov yoki sud harakatlarini yuritishda foydalanish uchun zarur bo‘lgan o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarni taqdim qilishi kerakligi haqida gap ketayapti. Bu amaliyotda o‘zining ixtiyoridagi hamma ma’lumotlarni talab qilishga olib kelishi mumkin firklar ham aytilayapti, lekin bu yerda aniq va tiniq yozilayaptiki, ya’ni, sud ham, tergovchi ham ish uchun zarur bo‘lganini so‘raydi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, amaliyotda barcha ma’lumotlarni olish bo‘yicha talab bo‘lmagan.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, mazkur modda ikkinchi o‘qishdan o‘tib bo‘lgan.

Ilhom Abdullayev yana bir marta so‘z olib, mazkur norma qabul qilinsa tergovchi yoki surishtiruvchilarga elektron ma’lumotlarni olish uchun «lazeyka» yaratib berilishini ta’kidlab, buni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.


Shundan so‘ng, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev ham bahs-munozaralarga aralashdi.

«Tergovchi, sudya yoki prokuror talabiga ko‘ra, ish jarayonida rahbar yoki mansabdorlarning shaxsiy ehtiyojidagi elektron ma’lumotlar ham qamrab olinadimi yoki ishga oid ma’lumotlar qamrab olinadimi? Chunki elektron ma’lumotni ochib berganinglarda, unga hamma narsani kiritib yuborayapsizlar. Ijtimoiy tarmoqlardagi a’borotlarni ham elektron ma’lumot sifatida 204−1-moddada ochib bergansizlar», — dedi u.

Uning fikricha, bundan ish yuritish doirasida korxona mansabdor shaxslarining shaxsiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklanayapti. «Men qonunni olib chiqayotgan deputatimbpybyu shaxsiy fikrini bilmoqchi edim, buni qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?», — deya Doniyor G‘aniyev Rasul Kusherbayevga yuzlandi.

Ular o‘rtasidagi suhbat quyidagicha davom etdi:

  • G‘aniyev: Mantiq tushunilayaptiki, rahbardan o‘zini deylik Facebook, Telegram sahifasidagi shaxsiy, oilaviy yozishmalar ham kirib ketadimi yo‘qmi?
  • Kusherbayev: Yo‘q kirmaydi.
  • G‘aniyev: Qayerdan bilayapsizlar kirmasligini?
  • Kusherbayev: 201−1-moddada aniq aytayapti, korxona, muassasa, tashkilot rahbari yoki mansabdor shaxsni ixtiyorida bo‘lgan ma’lumotlar deyilgan.
  • G‘aniyev: Shaxsiy yozishmalar mening ixtiyorimdagi ma’lumotlar-ku.
  • Kusherbayev: Siz korxonaning xodimi sifatida o‘zingizni shaxsiy ma’lumotlaringiz, sahifangizni ham o‘sha korxonaning ixtiyoriga o‘tkazgan bo‘lsangiz unda berishga majbursiz.
  • G‘aniyev: Bu yerda korxonani ixtiyorida demayapti. Bu yerda rahbar bilan mansabdor shaxsning ixtiyoridagi deyapti. Yuridik shaxs deganda men tushungan bo‘lardim, ertaga bu shaxsiy ma’lumotlarni qayerdan himoya qilamiz?
  • Kusherbayev: Undan fuqaro sifatida talab qilmayapti, korxonaning rahbari sifatida tashkilot ixtiyorida bo‘lsa berasan deyapti.
  • G‘aniyev: Lekin u so‘z bu yerda yo‘q. Korxona ixtiyoridagi deb yozinglar, gap yo‘q.
  • Kusherbayev: Korxona rahbarining fuqaro sifatidagi u o‘zini, lekin korxona rahbari sifatida berishi kerak.
  • G‘aniyev: Lekin shuni ertaga shunday talqin qilinmasligiga kim javob beradi?
  • Kusherbayev: Bundan talqin qilinmaydi!

Deputatlarning bir birini tinglamasdan bahsga kirishi majlisga raislik qiluvchi Ulug‘bek Inoyatovning aralashuvidan so‘ng yakunlandi.

Rasul Kusherbayev uzr so‘rab, endi indamasligini ta’kidladi.


Deputat Shuhrat Polvonov qo‘mitadoshi Kusherbayevning tarafini oldi. «Qonunni aynan faqat o‘zini o‘qiyversa, ko‘zimizga xar hil olabo‘jilar ko‘rinaveradi. Amaldagi normada xatto tergov yoki sud bilan bog‘liq degan tushunchalarni ham bermayapti. Biz bugun kiritayotgan 201−1-moddamizda bundan ko‘ra yaxshiroq, adolatliroq qilib, tergov, jinoyat ishi bilan bog‘liq bo‘lsa degan tushunchalarni kiritayapmiz», — dedi u.

Uning fikricha, o‘z ixtiyori deganda gap korxona va muassasalar rahbarlarining shaxsiy ma’lumotlari haqida ketmayapti. Ta’kidlanishicha, bu borada amaliyotda fuqarolar sud yoki tergovdan shikoyat qilmagan. «Oldin deputatlar sud yoki tergov jarayonida qatnashib, protsessual tartiblar qanday bo‘lishi haqida ma’lumot olsa [maqsadga muvofiq bo‘lardi]», — dedi u.

«Bu degani birinchi ular kelib turib, oldin hovlingizni titkilab, hamma ma’lumotlaringizni ko‘rib chiqib, endi ichidan mana buni ber demaydi. Tergovchi yoki sudning ham unday harakat qilishiga haqqi yo‘q. Ular aniq ma’lumotni so‘raydi. Bu protsessual jarayonlardan havotir olmasalaringiz ham bo‘ladi», — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari.


Munozaralarga XDP fraksiyasi a’zosi Sharofiddin Nazarov ham aralashdi.

«Korxonaning faoliyatiga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar bilan shaxsiy ma’lumotlarning o‘rtasida aniq qizil chegara qo‘ya olmaymiz. Bugungi kunda buning hech iloji yo‘q. Biz bu moddani qabul qilinishiga qarshi emasmiz. Lekin, bu yerda aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Biz [shaxsiy ma’lumotlarini] olib qo‘ymaymiz deyapsiz. Bundan holatlar juda ko‘p. Amaliyotda ham ko‘rganmiz, noutbukni hibsga olib, tergov jarayonida 3−4 oylab qaytarib bermasdan yurgan holatlar ham bo‘lgan, bugun ham bo‘lib turibdi. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Hujjatda muammo bor, buni ko‘rib, bilib turib qabul qilib yuborsak juda katta xato bo‘ladi», — dedi u.

Milliy tiklanish fraksiyasi a’zosi Alisher Qodirov esa loyiha doirasida hozirgacha bildirilgan e’tirozlarga biror marta javob olmaganini ma’lum qildi.

«Mutaxassislar bizga texnik yechim berishi kerak. Axborot asrida yashayapmiz. Elektron dalilni orqasidan juda katta elektron ma’lumotlar bazasiga bir qadam, bir harakat bilan [yetishib olish] imkoniyati bo‘ladi. Bugun yirik kompaniyalar tijorat siri, ularning hayot-mamotiga bog‘liq bo‘lgan ma’umlotlarni elektron shaklda saqlaydi. Qanaqadir arzimas masala orqali o‘sha elektron bazaga imkoniyat yaratib berilsa, kompaniyalar bankrot bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Uning fikricha, mazkur holatlarga qonun tashabbuskorlari tomonidan biror yechim berilmagan.

«Bu masalaning javobi yo‘q. Protsesda hech qanaqa halaqit bermaydi, biz uni cheklab qo‘yamiz, o‘sha qismini olamiz, qolganini olmaymiz degan gaplarni qilaverishinglar mumkin. Lekin sizlardan ham foydalanib qolishlari mumkin, o‘zinglar bilmay qolasizlar», — dedi Alisher Qodirov.

U o‘qish vaqtida o‘rtog‘ining kompyuteri yo‘qolib qolgani va qidiruvda topilgach, tergovchilarning uning parolini so‘rab, ichini ochib ko‘rgani, shundan so‘ng, kompyuterda turli narsalar chiqqani bois u katta miqdorda jarimaga tortilganini misol qilib keltirdi.

«Elektron ma’lumotlarga „dostup“ beridingizmi, uni ichidan nimalar chiqib ketishini hech kim [javob berolmaydi]. Lekin u shaxsiy, xatto sirli, yopiq ma’lumot bo‘lishi mumkin. Sharofiddin akaning gapi juda ham to‘g‘ri, biz shoshilayapmiz. Buning yechimi, elektron dalilni qayeridan qaysi chegara bilan ajratib olishini bizga qozilar emas, texnik mutaxassislar aytib bersin. Va qanday qilib shaxsiy ma’lumotlarni himoyalab berishadi?», — dedi u.

Shundan so‘ng, u Rasul Kusherbayev bilan bahs-munozaralarga kirishib ketdi. Ularning bir-biriga so‘z bermasdan tortishgan suhbati quyidagicha tus oldi:

  • Qodirov: Mana masalan bizning eng ozodliksevar deputatamiz Rasul Xidraliyevichning o‘zi bilmayapti, tushunmayapti.
  • Kusherbayev: Kim aytdi tushunmayapti deb? Kechirib qo‘yasiz men yaxshigina tushunib turibman.
  • Qodirov: To‘xtab turing, men siz bilan tortishmoqchi emasman.
  • Kusherbayev: Qonunni o‘qish kerak yaxshilab, qonunni o‘qimayapsizlar.
  • Qodirov: Qonunni o‘qiganim uchun aytayapman. Siz bilan polemika qilmoqchi emasman.
  • Kusherbayev: Fuqaro demayapti-ku, aniq yozayapti. Qonunni o‘qimayapsizlar.
  • Qodirov: Qonunni o‘qidik.
  • Kusherbayev: Meni nimani o‘ylayotganimni umuman gapirmang.
  • Qodirov: Sahnaga chiqvolib, «lo‘lichilik» qilmang, eshiting. Savolga javob berish uchun chiqqansiz, men bilan polemika qilish uchun chiqqaningiz yo‘q.
  • Kusherbayev: To‘g‘ri tushunib turibman, mas’ulman shunga.
  • Qodirov: Texnikmisiz? IT`ni tushunasizmi? Elektron ma’lumot nima ekanligini tushunasizmi? Hech nimani tushunmaysiz. Bitta savolga ham javob berolganingiz yo‘q. O‘shaning uchun deputatlarni qonunni qo‘mitaga qaytarib, muhokama qilib, tagiga yetishga chaqiraman.

Shundan so‘ng, majlisga raislik etuvchi Ulug‘bek Inoyatov loyiha tashabbuskori bo‘lgani uchun birinchi o‘rinda qo‘mitaning qonunni qabul qilish taklifiga ovoz berishni so‘radi. Keyin esa uni qo‘mitaga qaytarish bo‘yicha taklifni ovozga qo‘yishini ma’lum qildi.


Loyihani 43 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, yana 42 nafari qarshi ovoz berdi, 22 nafari betaraf va 9 nafari ovoz bermaganlar qatorida qoldi. Yakunda hujjat qo‘mitaga qaytarildi.

Markazdan tushishdan oldin Rasul Kusherbayev qonun muhokamasini «shaxsiy adovatga aylantirmaslikni so‘radi».

Jamoatchilik munosabati

Quyi palata matbuot kotibi Odiljon Tojiyevning yozishicha, «bu normal holat va parlamentdagi doimiy ishchi jarayon».

«Bu holat parlament quyi palatasida ichki muhit yomonligini, xalq vakillari o‘rtasidagi munosabatlar darz ketganini anglatmaydi. Masalani shunday talqin qilayotganlar, gap bunday. Siz qonun ijodkorligi jarayoni haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lmay turib, noto‘g‘ri mulohaza yuritayapsiz. Rasul Kusherbayev taqdim qilgan qonun loyihasi bo‘yicha muhokamada so‘zga chiqqan va e’tiroz bildirgan barcha deputatlar, xususan, Alisher Qodirov bilan ham o‘zaro do‘stona aloqada», — deb yozdi u.

Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev videoni to‘liq ko‘rib, o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

«Kusherbayev himoya qilayotgan Jinoyat-protsessual kodeksini o‘zgaritirishga oid qonun loyihasiga faqat Qodirov emas, boshqa deputatlar — Ilhom Abdullayev, Doniyor G‘aniyev, Sharofiddin Nazarov ham e’tiroz bildirgan. Huquqshunos sifatida aytishim mumkinki, barchasining e’tirozi to‘ppa-to‘g‘ri!», — deb yozdi u.

Uning fikricha, qonun loyihasi matni yuridik jihatdan puxta emas, shu sababli ertaga amaliyotda tergovchilar bu «lazeykali» qonundan foydalanib, mansabdor shaxslarning telefon va kompyuterlarini bemalol titkilay oladigan bo‘lib qoladi. «Amaliyotda buni birorta deputat nazorat qilib berolmaydi, qo‘lidan kelmaydi. Hushyor deputatlarga rahmat!», — dedi huquqshunos.

Bundan tashqari, u Alisher Qodirovning shaxsiyatga o‘tib ketganini qoraladi.

«Alisher Qodirovning yurtimizda ham ko‘pchilikni tashkil etadigan millatga nisbatan hurmatsizlik ma’nosini uyg‘otuvchi iborani ishlatgani noto‘g‘ri bo‘ldi. Imkon qadar bunday iboralarni ishlatishdan barchamiz qochishimiz kerak», — deb yozdi Xushnudbek.

Ijtimoiy tarmoqlarda quyi palata majlislariga bu tarzda jon kirgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, deputat Rasul Kusherbayevning o‘zi ham qisqa izohini e’lon qildi.

«Men haqiqatan ham ozodlikni sevaman va o‘zimni ozod inson deb bilaman. Bu mening eng qadrli boyligim. Menimcha qolganlar ham ozodlikni sevib, o‘zlarini ozod insonlar deb bilishadi, ayniqsa deputatlar. Biz ozodsevarlarmiz!», — deb yozdi u.