Foto: Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifini Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev nomidagi ko‘cha va xiyobonni ochishdan boshladi. Oliy martabali mehmonga prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohlik qildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida deklaratsiya va 18 ta hujjat imzolandi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjat imzolandi.

Toshkentda iyun oyida o‘rtacha oylik yog‘ingarchilikning 130 foizi kuzatildi — O‘zgidromet

Toshkentda o‘rtacha oylik miqdor 17 mm ni tashkil etgan bir vaqtda, oy boshidan buyon 22 mm yoki me’yordagidan 130 foiz ko‘proq yog‘ingarchilik yog‘di. 20 iyun kuni poytaxt markazida 15 mm, xalqaro aeroport hududida 21 mm yomg‘ir yog‘di.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qariyb $500 mlnga kamaydi

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari may oyida qariyb 500 mln dollarga kamayib, 35,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Qimmatbaho metallarning fizik hajmi oshgan bo‘lsada, xorijiy valyuta va oltindagi zaxiralar qiymati kamaydi.

Tabiiy gazni markazlashgan tarzda xarid qilish va sotish uchun UzGasTrade kompaniyasi tashkil etilmoqda

O‘zbekistonda tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish, shuningdek, yagona eksportchi vazifasini bajarish uchun UzGasTrade kompaniyasi tashkil etilmoqda. Hozir bu bilan «O‘ztransgaz» shug‘ullanadi. UzGasTrade ustav kapitali davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobidan shakllantiriladi.

Koreyaga ishga ketish uchun imtihonga boshqa fuqaroning o‘rniga kirish holatlari aniqlandi

Koreyaga ishga ketish uchun EPS-Topik test imtihonlariga boshqa fuqaroning o‘rniga kirish va qo‘shimcha vositalardan foydalanishga urinish bilan bog‘liq 23 ta holat aniqlandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qoidabuzarlar 3 yilgacha qaytib imtihonda qatnasha olmasligidan ogohlantirmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumanida hokim o‘zgardi

Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumaniga Anvar Normamatov hokim etib tayinlandi. Sobiq hokim tumanning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari pastligi uchun tanqid qilingan edi.

Ruhiy salomatliksiz sog‘lom bo‘lish imkonsiz — JSST

JSST ruhiy salomatlik birlamchi tibbiy yordamning bir qismi bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Maktab o‘quvchilari ruhiy salomatlik uchun ijtimoiy va emotsional ta’lim dasturlariga, kattalar esa arzon yordam va ijtimoiy xizmatlarga muhtoj.

YUNISEF O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xavotirini bildirdi

YUNISEF O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlaridan xavotirda: ayrim hodisalar, jumladan, go‘daklar bilan bog‘liq bo‘lganlari jamoatchilik ko‘z oldida va kuzatuvchilar ishtirokida sodir bo‘lmoqda. Tashkilot ijtimoiy ishchilar institutini tashkil etish kerakligini aytdi.

Samarqandda aholiga ajratilgan qariyb 85 tonna un qimmat narxlarda sotilgani aniqlandi

Ishtixon tumanida tadbirkor aholiga ajratilgan arzon narxdagi 84,5 tonna un mahsulotini belgilangan mahallalarga yetkazib bermasdan, savdo nuqtalari orqali qimmat narxlarda sotib yuborgani aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston dzyudo akademiyasi tashkil etiladi

Denov va Urganch dzyudo maktablari, Milliy universitetda alohida ta’lim yo‘nalishi hamda O‘zbekiston dzyudo akademiyasi tashkil etiladi, mamlakatda jahon chempionati va beshta turnir o‘tkaziladi — prezident dzyudo sportini rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Kosondagi 10-sonli koloniyada tibbiyot xodimlari yetishmayapti — Ombudsman

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 10-sonli koloniyada tibbiyot xodimlari yetishmaydi. U yerda har kuni 70−80 nafar mahkumga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ombudsman ofisi muassasadagi mahkumlarni saqlash va qarindoshlari bilan uchrashish uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga qanday o‘zgartirishlarni taklif qildi?

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qator takliflarini bildirdi: «O‘zbekistan — ijtimoiy davlat», fuqarolarning (100 ming kishidan kam bo‘lmagan guruhda) qonunchilik takliflarini bildirishi, mahalla maqomini Konstitutsiyada belgilash.

«Lo‘lichilik qilmang». Rasul Kusherbayev va Alisher Qodirov nima sababdan tortishib qoldi?

Seshanba kuni quyi palata majlisida Rasul Kusherbayev va Alisher Qodirov o‘rtasida bahs yuzaga keldi. Bunga fuqarolarning shaxsiy elektron ma’lumotlarini olishga imkon beruvchi qonun loyihasi sabab bo‘ldi. Rasul Kusherbayev hamkasbining gapini bo‘lib qo‘ygan bo‘lsa, Alisher Qodirov esa shaxsiyatga o‘tib ketdi.

1-sinfga onlayn hujjat topshirish — qo‘llanma

20 iyundan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi maktablarga onlayn-qabul boshlandi. «Gazeta.uz» ota-onalar uchun my.maktab.uz platformasi orqali elektron shaklda maktabga hujjat topshirish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.