Samarqand viloyati Ishtixon tumanida MCHJ rahbari aholiga ajratilgan un mahsulotini sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv vaqtida aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, Ishtixon tumanidagi «B.» MCHJ rahbari O‘.X. «Oqtoshdon» AJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga asosan davlat resurslari hisobidan ajratilgan umumiy bahosi 209,8 mln so‘mlik 84,5 tonna un mahsulotini qo‘lga kiritgan.

Tadbirkor un mahsulotlarini dislokatsiyada belgilangan mahallalarga arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib bermasdan, savdo nuqtalari orqali qimmat narxlarda sotib yuborgani aniqlandi, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq vodiy viloyatlarida aholiga ajratilgan arzon narxdagi un mahsulotini boshqa shaxslarga sotib yuborgan kimsalar aniqlangandi. Unga ko‘ra, Pop tumanidagi holatda MJCH rahbari 54,9 tonna, Marg‘ilon shahrida holatda esa xususiy korxona mansabdorlari 10,1 tonna un mahsulotini qimmatroq narxda sotib yuborgan.