19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida Hisor davlat tog‘-archa qo‘riqxonasining sayyohlik markazi ochildi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Yangi tashrif markazi biologik xilma-xillik va tabiiy resurslarni asrash va ularga g‘amxo‘rlik qilish muhimligi haqidagi ekologik bilimni oshirishga qaratilgan.

Tashrif markazining asosiy ko‘rgazma maydonida yovvoyi hayvonlar va qo‘riqxona faoliyat yo‘nalishlari, yovvoyi tabiat duch keladigan tahdidlar haqida hikoya qiluvchi stendlar mavjud. Shuningdek, olimlar tomonidan olib borilayotgan joriy tadqiqot ishlari bilan birga, inspektorlarning faoliyati ham taqdim etilgan.

Bu BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Global ekologiya fondi (GEF) hamda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining «Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim bo‘lgan asosiy tog‘li hududlarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish» qo‘shma loyihasining bir qismidir.

Loyiha O‘zbekiston hukumatini tog‘ ekotizimlariga e’tibor qaratgan holda biologik xilma-xillikni saqlash masalalarini hal qilishda qo‘llab-quvvatlaydi. Birgalikda olib borilayotgan ishlarning asosiy qismi tabiatni muhofaza qilish hududlari bilan bufer zonada yashovchi aholiga ekologik ta’lim berishga qaratilgan.

Marosimda O‘zbekistonga birinchi marta rasmiy tashrif bilan kelgan BMTTDning Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori o‘rinbosari Marina Volter ishtirok etdi.

«Bilim va axborot almashinuvi bo‘yicha yangi platformalar, innovatsion eksponatlar, nashrlar va mahalliy hamjamiyatlar, ayniqsa bolalar bilan bahs-munozaralar orqali tashrif markazi kislorod, toza suv va havoning muhim manbasi bo‘lmish Hisor mintaqasi ekotizimlarining ahamiyatini, shuningdek changlatish jarayonlari, hasharotlar populyatsiyasini nazorat qilish, oqava suvlarni qayta ishlash va boshqa muhim tabiiy jarayonlarning muhimligini yanada to‘liqroq tushunishni shakllantira oladi, deb umid qilaman», — dedi Marina Valter.


Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi Ekologiya davlat qo‘mitasiga o‘simliklarni o‘rganish, hayvonlarning hisobini yuritish va qoidabuzarliklarni bartaraf etish imkonini beruvchi uchuvchisiz uchish apparati hamda ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish uchun zarur bo‘lgan, barcha narsalar bilan jihozlangan avtomashinani topshirdi. Endilikda Ekologiya qo‘mitasi xodimlaridan iborat jamoa respublikaning istalgan nuqtasiga sayohat qilish uchun mobil tarzda bora oladi.