Haftaning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor, ikkinchi yarmida esa yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi O‘zgidromet.

29 iyun, dushanba kuni yuqori siklon ta’siri hisobiga markaziy, janubiy va sharqiy hududlar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarining ba’zi joylarida yomg‘ir kuchayishi, ayrim joylarda esa do‘l yog‘ishi mumkin.

Momaqaldiroq paytida shamol 18−23 m/s gacha kuchayishi, ba’zida esa 25−28 m/s gacha kuchayish ehtimoli bor. Chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin. Kunduzgi harorat +23…+28 darajani tashkil etadi. Bu kun iqlimiy me’yoridan 4−6 darajaga past.

21−22 iyunda siklon ta’siri kuchsizlashadi, ammo markaziy, janubiy va sharqiy hududlar bo‘yicha momaqaldiroq bilan yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli saqlanib turadi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.

Dushanbadan chorshanbagacha bo‘lgan vaqt orasida respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi kutilmoqda.

Haftaning ikkinchi yarmida respublika hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi. Faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarning ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Kunduzi havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga kelib +34…+39 darajaga yetadi.