Shavkat Mirziyoyev hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratish — davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala ekanligini ta’kidladi. U bunga dushanda kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Hokimlarning kengash raisi maqomini bekor qilish 2019 yilgi Davlat dasturida

«Barchangizga ma’lumki, bu g‘oyani men avval ham bir necha marta ilgari surgan edim. Amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi», — dedi u.

«Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti keldi, deb hisoblayman, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. «Biz xalq vakillik organlari vakolatlarini bundan buyon ham yanada kengaytirish yo‘lidan boramiz», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid material e’lon qilgandi. Tahririyatning aniqlashicha, 2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida mazkur hujjat ishlab chiqilgan. Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan. Biroq, hujjatning undan keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Qonunchilik palatasi ma’lum qilishicha, «hujjat quyi palataga kelib tushmagan, shu sababli muhokama qilinmagan». Senat ham quyi palatada ko‘rib chiqilmagan hujjat yuqori palataga ham kelib tushmasligini qayd etgandi.

2021 yilning 18 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda hokimlarni xalq saylashi va ular kelgusida kengash raisi bo‘lmasligini ta’kidlagandi.

«Biz joylardagi muammolarni hal qilish bo‘yicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga o‘tamizki, har bir kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar bo‘ladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari bo‘lmaydi. Ijro organi rahbari — tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman», — degandi u.

Davlat rahbari o‘shanda «xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi», deya qo‘shimcha qilgandi.

2021 yil 6 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida ham mazkur masalaga to‘xtalib o‘tdi.

«Necha marta biz buni gapiryamiz, lekin mana, besh yil tajriba orttirdik… Endi kengashning rahbari ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emasligini xalqimizning o‘zi aytyapti. Vaqt-soati keldi, qonuniy masalani ham joy-joyiga qo‘yamiz. Shunday qilib, demokratik yo‘nalishlardagi katta poydevorni yaratamiz. Agar shu poydevor bo‘lsa, ancha anchagina ijro organi rahbarlari ham xalq tomonidan jilovlanadi. Xalq deganim — deputatlar tomonidan, deputatlar deganim — xalq saylagan vakillar tomonidan», — degandi u.

8 fevral kuniga kelib, birinchilardan bo‘lib Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tajriba tariqasida hokimning xalq deputatlari kengashi raisi maqomi bekor qilingandi. «30 ta deputat ichidan kengash raisi saylanadi. U meni boshqaradida endi… Bir umrlik orzuyim shu», — dedi Boyovut hokimi Dilfuza Uralova. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ishlovchi deputat va senatorlar faoliyat yo‘lga qo‘yiladi, ularga oylik maosh to‘lanadi. Endi hokim o‘ziga emas, balki kengash oldida hisobot beradi.