O‘zbekistonda 2023 yildan boshlab qo‘l jangi bo‘yicha ikkita xalqaro turnir tashkil etiladi. Bu Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni imzolagan «Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda aks etgan. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 10 ming nafardan ortiq yoshlar va harbiy xizmatchilar (xodimlar) qo‘l jangi bo‘yicha sport mashg‘ulotlarida muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Mamlakatda ushbu sport turi bo‘yicha 230 nafar O‘zbekiston va 60 nafar Xalqaro toifadagi sport ustalari yetishib chiqdi. Qolaversa, qo‘l jangi MDH mamlakatlari orasida har yili o‘tkaziladigan «Armiya o‘yinlari» dasturiga kiritilgan.

Shu munosabat bilan, prezident qarorida qo‘l jangi sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Unga ko‘ra, ushbu sport turining asosiy yo‘nalishlari etib:

  • qo‘l jangi bo‘yicha tizimli ravishda musobaqalar o‘tkazish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya);
  • qo‘l jangini yanada ommalashtirish, bu borada yoshlarni sport klublari, seksiyalari va to‘garaklariga keng jalb etish hamda shu orqali sportchilarning jinoyatlarni sodir etish va jinoiy guruhlarga qo‘shilib ketishining oldini olish;
  • qo‘l jangi bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish;
  • qo‘l jangi bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;
  • qo‘l jangini ham ustuvor sport turi sifatida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga bosqichma-bosqich kiritish;
  • qo‘l jangini Qurolli Kuchlar xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamda aholi o‘rtasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish ko‘rsatib o‘tildi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi, Milliy gvardiya, DXX, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi 2023 yildan boshlab an’anaviy tarzda qo‘l jangi sport turi bo‘yicha to‘rtta musobaqa tashkil etadi:

  • Toshkentda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan Qurolli Kuchlar chempionatini hamda o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlik va jasorat ko‘rsatib, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bag‘ishlangan Xotira turniri;
  • har yili Namanganda professional sportchilar o‘rtasida «Prezident kubogi» xalqaro turniri;
  • har ikki yilda bir marotaba Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida yoshlar o‘rtasida «Amir Temur kubogi» xalqaro turniri.

Qayd etilishicha, xalqaro turnirlarda mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro sportchilar, trenerlar va hakamlar ham ishtirok etishadi.

Bundan tashqari, hujjatda Sportni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasiga uch oy muddatda qo‘l jangi bo‘yicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish rejasini ishlab chiqish yuklatildi.

Qarorda belgilanishicha, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qo‘l jangi bo‘yicha taniqli va faxriy sportchilar hamda trenerlar ishtirokida seminar, trening, mahorat saboqlarini tashkil etiladi.

Shuningdek, respublikadagi har bir hududning bitta tuman (shahar)ida qo‘l jangini ustuvor sport turi sifatida belgilash hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish belgilandi.