Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari uchun yagona aeroport qurish zaruriyati nimadan iborat ekanligini tushuntirish berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentga O‘zbekiston aeroportlarini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida Farg‘ona vodiysi aeroportlarini rivojlantirishning ikkita ssenariysi taqdim etilgan.

«Rivojlantirishning birinchi ssenariysi — aeroportlarni hozir joylashgan o‘rinlarida rekonstruksiya qilamiz va yangilarini quramiz. Biz SWOT-tahlillar o‘tkazdik: plyus va minuslari, xavf-xatarlar va afzalliklarni hisoblab chiqdik. Investitsiyalar nuqtai nazaridan kamchiliklarimiz ko‘p bo‘lib chiqdi», — dedi u.

Ra’no Jo‘rayevning ta’kidlashicha, har uchala viloyat aeroportlari shahar ichida joylashgan bo‘lib, faqat bir tomondan qo‘nish mumkin, soatiga oltita samolyotning o‘tkazish imkoniyati cheklangan.

«Yangi yo‘laklarni qurgan taqdirimizda ham, ular bizga bog‘liq bo‘lmagan „tor bo‘g‘iz“ nuqtai nazaridan asosiy cheklovini saqlab qolishadi. Agar biz hozirgi o‘rinlarida rekonstruksiya yoki yangi qurilishga katta mablag‘ sarflasak, bu ishni bir yil emas, ikki yil emas, balki 20−30 yil davomida amalga oshirayotganimizni hisobga olsak, ehtimol bu ushbu davrda hududning rivojlanishga to‘sqinlik qiladi. Va, ehtimol, boshqa joyda qurgan ma’quldir», — deb hisoblaydi Ra’no Jo‘rayeva.

Ikkinchi ssenariy bo‘yicha Farg‘ona vodiysi uchun yagona aeroport qurish taklif qilinmoqda. Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xususiy investorlar va operatorlar konsessiya shartnomalarida 300 kilometrlik zonada boshqa aeroportlar bo‘lmasligini talab qilmoqda.

«Bu yerda esa bizda 100 kilometrlik zonada uchta aeroport bor ekan: barchasi xalqaro va hammasi kam quvvatli. Shunday ekan, bu uch viloyat uchun ham boshqa joyda noldan qurilgan bitta zamonaviy aeroport bo‘lsa, samaraliroq bo‘lardi», — dedi u.

Uzbekistan Airports rahbari yangi aeroportda yangi texnologiyalar, yuqori tezlikda harakatlanuvchi taksi yo‘llari, magistral yo‘llardan foydalanish ko‘zda tutilgani, bu orqali soatiga 40 ta samolyotga xizmat ko‘rsatilishini ta’kidladi. Bundan tashqari, yangi aeroportda infratuzilmani kengaytirish uchun yetarli yer maydoni bo‘ladi.

«Hozir bizga, masalan, 1200 kishilik terminal kerak, 10 yildan keyin esa 2400 kishiga kerak bo‘ladi. Bu terminallarni qurish va tugallash uchun yer yetarli. Hozir hech qayerda bunday imkoniyat yo‘q. Agar yuk terminali haqida gapiradigan bo‘lsak, Farg‘ona vodiysi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va jo‘natish bo‘yicha yaxshi logistika markazini taklif qiladi», — deydi u.

Ra’no Jo‘rayeva: «Pul kam bo‘lsa, kapitalni bir nuqtaga yo‘naltirgan ma’qul, ko‘p bo‘lsa, uchta aeroport qurish mumkin», — deb hisoblaydi.