O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda «snos"larga barham berish uchun uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolat belgilab qo‘yilishi lozimligini aytdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Xalqimiz orasida „snos“ degan nom bilan mashhur bo‘lgan muammo bor. Bunday holatga butunlay barham berish uchun uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish lozim. Ya’ni, sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak. Imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shart», — dedi prezident.

«Uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilanishi darkor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlat qurib bo‘lmasligi haqida gapirdi. «Shu bois, Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishimiz lozim. Toki, katta-kichikligidan qat’iy nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda prezident himoyasida ekanini amalda his qilsin», — dedi u.

«Rivojlangan davlatlardagi kabi, shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasin. Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilashning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishini, davlat ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratishini Konstitutsiyada mustahkamlash shartligini aytdi.

«Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitutsiyada mustahkamlashni taklif etaman», — dedi davlat rahbari.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim.

«Shu bilan birga, Asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozim, deb hisoblayman. Qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida bo‘lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomasi asosida beriladi, degan mazmundagi norma ham Konstitutsiyamizda aks etishi albatta o‘rinli bo‘lar edi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.