Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida nima uchun aynan bugun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati tug‘ilayotganini to‘xtalib o‘tdi.

«Ayrim yurtdoshlarimiz, hatto ba’zi olimlarimiz ham Konstitutsiyamiz zamonaviy demokratik talablarga javob beradi-ku, unga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi, degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda. To‘g‘ri, Konstitutsiyamiz xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos keladi. Bunga hech qanday shubha yo‘q», — dedi u.

«Men amaldagi Asosiy qonunimizni qabul qilishda ishtirok etgan komissiya a’zosi sifatida oldin ham aytganman: O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Buni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bugun shiddatli taraqqiyotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan muhim bir talabni chuqur tushunib olishimiz zarur».

«Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda», — dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy qiyofasi tubdan o‘zgardi.

«6 yil oldingi xalqimiz bilan bugungi yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘rtasida katta farq bor. Insoniyat ilmiy-texnologik davrga qadam qo‘ydi. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlari va raqobat kuchaymoqda. Ertangi kunini o‘ylagan xalqlar va davlatlar o‘z kelajagi haqida bugun har qachongidan ham jiddiy bosh qotirmoqda», — dedi u.

«Bu o‘rinda tabiiy savollar tug‘iladi. Mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning o‘rni va qadri qanday? Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi? Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi?», — deya savol bilan yuzlandi Shavkat Mirziyoyev.

«Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish — davr taqozosidir», — deya ta’kidladi u.

Asosiy qonunning 12-moddasida hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi qayd etilgan. «Bu — o‘ta muhim va juda to‘g‘ri belgilangan konstitutsiyaviy qoidadir. Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati — Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin», — dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, yangilangan Konstitutsiya mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurt va xalqning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim.

«Inson qadri uchun» g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson — jamiyat — davlat» degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotda bosh qadriyatga aylantirish zarur.

«Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.