Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida (TBAV) uyushgan terrorchilik guruhlari faoliyati to‘liq to‘xtatildi, deb xabar berdi Tojikistonning «Xovar» axborot agentligi xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha idoralararo shtabga tayanib.

Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni TBAV aholisi norozilik aksiyasiga chiqib, viloyat rahbarining iste’fosini, Xorug‘dagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini olib tashlash va Badaxshon aholisiga nisbatan ta’qiblarni to‘xtatishni talab qilgan edi. Norozilik namoyishlari oldidan faol Amriddin Alovatshoyev va MMA jangchisi Chorshanbe Chorshanbiyevga nisbatan sud hukmlari chiqarildi.

«May oyining oxirida Xorug‘ shahri va Rushon tumanida sodir bo‘lgan voqealar oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, ichki va tashqi manfaatdor tomonlar mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini beqarorlashtirish va fuqarolar tinchligini buzishga harakat qilishgan», — deyiladi shtab matbuot markazi xabarida.

«Xorug‘, Rushon va Roshtqal’a tumanlaridagi uyushgan jinoiy guruh rahbarlari o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganliklari uchun bir necha bor hukumat tomonidan amnistiyaga uchragan, biroq ular tegishli xulosa chiqarmay, jirkanch harakatlarini davom ettirgan», — deyiladi xabarda.

«Xovar» xabariga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida «uyushgan jinoiy guruhning barcha 12 nafar yetakchisi qo‘lga olingan». Maxsus operatsiya davomida jami 220 kishi qo‘lga olindi, 53 kishiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, qurolli qarshilik ko‘rsatgan 16 kishi «zararsizlantirildi», deyiladi shtab xabarida.

May oyida BMTning ozchiliklar masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fernan de Varenn Tojikistonni TBAVdagi Pomir ozchilik vakillariga nisbatan repressiyalarni to‘xtatishga chaqirdi. U norozilik namoyishlariga, jumladan hibsga olishlar, haddan tashqari va noqonuniy kuch ishlatish hamda 18 may kuni aksilterror amaliyoti doirasida norozilik namoyishlarini bostirish uchun harbiylar yuborilishi kabi hukumatning «qattiq javobi»dan xavotir bildirdi.

Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatidagi keskin vaziyat xavfsizlik kuchlari tomonidan pomirlikning o‘ldirilishi keng ko‘lamli noroziliklarga sabab bo‘lgan o‘tgan yilning noyabrida vujudga kelgan edi, deya qayd etadi BMT axborot xizmati.

2021 yil 25 noyabr kuni yosh pomirlik Gulbiddin Ziyobekov Tojikiston xavfsizlik kuchlari tomonidan qiynoqqa solingan va o‘ldirilgani aytiladi. O‘sha kuni TBAV poytaxti Xorug‘da odamlar, jumladan, maktab o‘quvchilari ham o‘ldirilishidan norozilik namoyishi o‘tkazdi. BMT axborot xizmati hukumat qo‘shinlari namoyishchilarga qarata o‘t ochgani, ikki namoyishchini o‘ldirgani va 17 nafarini yaralagani, o‘nlab odamlar esa qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar bermoqda.