19 iyun kuni «Milliy» stadionida bo‘lib o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finali oldidan ishqibozlar ogohlantirildi, ulardan madaniyat bilan muxlislik qilish so‘raldi. Bu haqda Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi ma’lum qildi.

«Futbolni yaxshi ko‘radigan va ertaga stadionga keladigan barcha muxlislardan O‘zbekiston olimpiyachilariga muxlislik qilish, o‘zini tutish madaniyatini yodda tutish, barchaga — hakamlarga, futbolchilarga, jumladan, raqib jamoaga, stadion texnik xodimlariga hurmat ko‘rsatish zarurligini eslatib o‘tamiz. Tozalik va jamoat tartibini saqlang», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, muxlislardan stadionga taqiqlangan narsalarni: qurol-yarog‘, tez yonuvchi moddalar va buyumlar, dori vositalari (retsept yoki uning nusxasi ko‘rsatilganda shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha belgilangan miqdorda dori vositalaridan tashqari), oziq-ovqat va idishlarni; texnik jihozlar (mobil telefonlardan tashqari), himoya vositalari, xizmat asboblari va sport anjomlarini olib kelmaslik so‘raldi.

O‘z navbatida, shubhali narsalar, shuningdek jamoat tartibini buzish holatlari aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organlari xodimlariga yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga darhol xabar berish so‘raldi. «Sizlarni madaniyatga chaqiramiz: o‘yinning borishidan, urilgan gollar yoki o‘tkazib yuborilgan gollar sonidan qat’i nazar, odobsiz so‘zlarni ishlatmang va bundan tashqari tartibsizliklarga olib keladigan chaqiriqlar, o‘yinning boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik qilmang», — deyiladi xabarda.

Muxlislardan jamoat tartibini buzish, tosh va boshqa narsalarni otish, haddan tashqari his-tuyg‘ularni ushlab turolmaslik va bundan tashqari, hujum bilan nizo qo‘zg‘atish sportchilar uchun yordam bermasligi, qolaversa, muxlislarning xulq-atvori sportchilarga va umuman davlatga bo‘lgan munosabatga bevosita ta’sir qilishi aytildi.

Shuningdek, jamoat tartibini buzadigan muxlislar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan javobgarliklar eslatib o‘tildi:

  • 183-modda — Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — BHMning uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
  • Ichki ishlar organlari xodimining (194-modda) yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini (194−1-modda) bajarmaganlik uchun BHMning o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Avvalroq Toshkent shahar IIBB yakshanba kuni futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogi final uchrashuvi o‘tkazilishi munosabati bilan soat 12:00 dan 00:00 ga qadar Toshkentdagi «Milliy» stadioni atrofidagi ko‘chalar avtotransport vositalari uchun yopilishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Iroq olimpiya jamoalari o‘rtasidagi Osiyo kubogi chorak final o‘yinida muxlislarning noo‘rin xatti-harakati uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Tartib-intizom qo‘mitasi Yaponiyaga qarshi yarim final uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qilib, O‘zbekiston olimpiya jamoasiga 50 ming dollar miqdorida jarima solgan edi.