O‘zbekiston olimpiya jamoasi Osiyo kubogi finalida Saudiya Arabistoni U23 jamoasiga mag‘lub bo‘ldi. 19 iyun kuni Toshkentdagi «Milliy» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 0:2 hisobida yakunlandi.

O‘yinda hisob ikkinchi bo‘lim boshida, 49-daqiqada yarim himoyachi Ahmad Al-G‘amdining golidan so‘ng ochildi. Zaxiradan maydonga tushgan Ruslanbek Jiyanov 72-daqiqada hisobni tenglashtirdi, biroq bosh hakam ofsayd holatini qayd etdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Saudiya Arabistoni U23 jamoasi kattalar jamoasidan olimpiya jamoasiga kelib qo‘shilgan Firas al-Buraykanning goli evaziga hisobni ikkitaga oshirdi.

Saudiya Arabistoni turnir davomida birorta ham gol o‘tkazmasdan musobaqani yakunladi.

Timur Kapadze shogirdlari Tojikiston (1:0), Qatar (6:0) olimpiya jamoalarini mag‘lub etib, Eron bilan durang o‘ynagan (1:1) holda guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi. O‘zbekistonlik olimpiyachilar chorak finalda Iroqni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi — 2:2 (3:2), yarim finalda Yaponiyani ortda qoldirdi — 2:0.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U23 jamoasi OFK-2020 Osiyo kubogi yarim finalida Saudiya Arabistoni U23 jamoasiga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Bu bilan saudiyaliklar O‘zbekiston olimpiyachilarini Tokiodagi olimpiya o‘yinlarida qatnashish imkoniyatidan mahrum qilgan edi.

Video

Foto