O‘zbekistonda avtomobil oynalarini qoraytirish tekin bo‘lishi kerak, dedi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, haydovchilar uchun Yagona imtihon markazi asoschisi Komil Allamjonov.

«So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda yoz juda issiq, gohida haddan ziyod yoqimsiz issiq bo‘lyapti. Bulutli issiq kunlarda esa bosh og‘rig‘iga chidab bo‘lmaydi. Qurg‘oqchilik kuchayib, bundan bo‘yog‘iga yanada issiq bo‘lsa kerak. Shu paytda agar mashina tonirovkasi bepul qilinsa bundan hamma haydovchilar, yo‘lovchilar minnatdor bo‘lar edi. Bu ham aslida inson qadrining bir ko‘rinishi, odamlarga bo‘lgan g‘amxo‘rlik namunasiga aylanar edi», — dedi u.

Oxirgi haftalarda onlayn foydalanuvchilar chellenjda ishtirok etib, #tonirovka_jinoyat_emas xeshtegi bilan video joylashtirmoqda.

Bu fikrga deputat Rasul Kusherbayev ham qo‘shildi. «Darhaqiqat tonirovka jinoyat emas, xalq hisobidan, budjetdan tonirovka qildirish jinoyat. Gap egasini topadi», deb yozadi u. Eslatib o‘tamiz, bir qator davlat idoralari xizmat avtomobillarining oynalarini tekinga qoraytirishi mumkin.

15 iyun kuni bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev roppa-rosa bir yil avval Ichki ishlar vazirligi deputat Doniyor G‘aniyev so‘roviga javoban tonirovka narxini pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilgani haqida e’lon qilganini esladi. «Ammo bu davr mobaynida hech narsa o‘zgarmadi», — deb yozadi u.

Aksincha, shu 1 yil ichida bazaviy stavka oshishi natijasida tonirovka narxi ham oshdi.

Masalan, 1 yil oldin va hozir tonirovka narxlari:

  • Faqat orqa yon oynalar uchun — o‘tgan yili 1 mln 225 ming so‘m, hozir 1 mln 500 ming so‘m (+275 ming so‘m).
  • Old va orqa yon oynalar uchun — o‘tgan yili 12 mln 250 ming so‘m, hozir 15 mln so‘m (+2 mln 750 ming so‘m).

«Ha, to‘g‘ri, o‘tgan yili 15 sentabrdan boshlab tonirovka uchun elektron ariza yuborilsa, atigi 10% chegirma berish tartibi kuchga kirdi. Lekin undan sal oldin, 1 sentabr kuni tonirovkaning narxi ham 10%ga oshgan edi. Ya’ni avval 10% narx oshirilib, keyin 10% chegirma berilgandi», — deb eslaydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

«Bu ochiq zulm»

Chirchiqlik internet faoli Shavkat Xasan 13 iyun kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida jonli efirda xabar berishicha, YHXX xodimi hujjatlarni tekshirish chog‘ida u mashinasining oynasini qoraytirish uchun olgan ruxsatnomasi muddati o‘tganini aniqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashina to‘xtash joyiga olib borilgan. Ruxsat 6 iyun kuni, ya’ni tekshiruvdan bir hafta oldin tugagan.

«Bu holatda avtomashinani noqonuniy ravishda qoraytirganlar bilan bir xil miqdorda, ya’ni 7 yoki 8 mln so‘m jarimaga tortilganimdan uyaldim. Bu yerda mantiq qayerda? Orqa oynani qoraytirish 1 mln so‘m turadi. Ruxsatnoma muddati tugashi uchun 8 mln so‘m to‘lashim kerak bo‘ladi. 15 kun ichida to‘lasam, 5 mln so‘m to‘layman. Men o‘zimdan bechora yasashni aslo xohlamayman, lekin buni ochiq-oydin zulm deb hisoblayman… G‘alati…», dedi u.

U hujjatlarni amaldagi qonunchilikka muvofiq yuridik yordam ko‘rsatishga va’da bergan advokatlarga topshirganini qayd etdi.