Yanvar-may oylaridagi O‘zbekiston bo‘yicha 61 ta dehqon bozorida sanitariya me’yorlari va qoidalari, shuningdek, gigiyenik normativlar buzilgani aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemitdogik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Maftuna Saidova juma kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 279 ta dehqon bozoriga biriktirilgan 558 nafar sanitariya xizmati xodimi monitoring olib bormoqda.

Besh oy davomida savdo markazlari o‘rtasida aravalarda go‘sht, sut, shirinlik, salat va non mahsulotlarini maxsus liboslarsiz, sanitariya me’yorlariga rioya qilmagan holda sotayotgan 158 nafar fuqaro aniqlandi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan 72 nafar sotuvchi aniqlandi va savdodan chetlashtirilib, ko‘rikdan o‘tkazish uchun yuborildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 73 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, sudlarga taqdim etildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda dehqon bozorlari peshtaxtalaridan yaroqlilik muddati o‘tgan, sifati tasdiqlanmagan va organoleptik xususiyatlari bo‘yicha standartlarga javob bermaydigan qariyb 440,2 tonna oziq-ovqat mahsulotlari olib tashlandi va brakka chiqarildi.

Xizmat matbuot kotibi bozorlarni tashkil etishning asosiy muammolarini sanab o‘tdi:

  • 56 ta bozor suv ta’minoti tarmog‘i bilan ta’minlanmagan: Samarqand viloyatida — 53 tadan 24 tasi, Jizzaxda — 23 tadan 7 tasi, Qashqadaryoda — 17 tadan 6 tasi;
  • 152 ta bozorda kanalizatsiya tarmog‘i mavjud emas: Samarqand viloyatida — 43, Jizzaxda — 18, Andijonda — 17;
  • 88 ta obyektda go‘sht sotish uchun maxsus jihozlangan pavilonlar mavjud emas: Samarqand viloyatida — 22 ta, Jizzax va Surxondaryoda — 11 tadan;
  • 123 ta bozorda sut va sut mahsulotlari sotish pavilonlari mavjud emas: Samarqandda 31 ta, Surxondaryoda 13 ta, Toshkent viloyatida 12 ta.
  • 30 ta bozorda veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari mavjud emas: Samarqand viloyatida — 9, Farg‘onada — 3, Jizzaxda — 7.
  • 11 ta bozorda chiqindilarni vaqtincha saqlash joylari mavjud emas, shu jumladan Qoraqalpog‘istonda 3 ta, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 2 ta bozorda.
  • 61 ta bozorda dezinfeksiya va dezinseksiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilmagan.