Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamotchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyiha tashabbuskori Adliya vazirligi.

Hujjatni ishlab chiqishdan maqsad — FHDYO organlari xodimlarining fuqarolar bilan bevosita muloqotga kirishganda tug‘ilganlik, nikoh va ajrimlarni qayd etishda yuz berishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy holatlar oldi olishdan iborat.

Unga ko‘ra, tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etish tartibi 2022 yil 1 sentabrdan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 yanvardan esa butun respublika hududida joriy etish ko‘zda tutilgan.

Hujjat qabul qilinsa, quyidagilar kuchga kiradi:

  • tug‘ilganlik tibbiyot muassasalari orqali FHDYO bo‘limlarida qayd etiladi. Bunda bola tug‘ilganida tug‘ruqxonada beriladigan tegishli QR-kodli ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi;
  • nikoh tuzish va ajratishni qayd etish uchun FHDYO bo‘limiga ariza berish eksperiment tariqasida Davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etiladi;
  • nikohdan o‘tish uchun ariza berilgani haqida yashash joyidagi Mahalla fuqarolar yig‘igini xabardor qilish shart bo‘lmaydi;
  • nikohdan ajratish haqida ariza berilganda yarashtiruv komissiyalariga elektron tizim orqali xabar yuboriladi (hozir fuqarolar o‘zlari borishlari kerak);
  • fuqarolarning familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishda tekshiruv o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga so‘rovnoma yuborish va xulosa olish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Taqdim etilgan loyiha kelajakda tug‘ilganlik holatlarini o‘z vaqtida qayd qilishga, tug‘ilganlik, nikohni qayd etishda ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik holatlarga barham berishga yordam beradi. Shuningdek, yangi tizim orqali soha xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy holatlar sodir etilishining oldini olishga, hamda FHDYO sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishga erishiladi.

Mazkur loyihasi muhokamasi 2 iyulga qadar davom etadi.