O‘zbekiston uchun 2022 yilning eng muhim va muhokamalar markazida bo‘layotgan mavzusi bu — Bosh qonunni isloh qilishdir. Buning uchun tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan fuqarolar taklif va o‘z mulohazalarini yuborishi qulay bo‘lishi uchun turli platformalar yaratildi. Shulardan biri meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi hisoblanadi.

Bugunga qadar komissiyaga kelib tushayotgan takliflarning umumiy soni 36 mingdan oshib ketdi, saytda har soatda takliflar soni o‘zgarib turibdi. Fuqarolar bildirayotgan takliflar orasida nafaqat Konstitutsiyaga taalluqlilarini, balki umumiy qonunchilik normalariga kiritish zarur bo‘lgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ham ko‘rish mumkin. «Gazeta.uz» aholi tomonidan yuborilayotgan qiziq, muhim va o‘ziga xos takliflarni bir materialga jamladi.

Bu gal to‘plangan takliflarga qarab aholining asosiy qatlami mamlakatning siyosiy hayotiga ham aloqador bo‘lishga qiziqayotganini ko‘rish mumkin. Misol uchun Umidjon Hakimov ismli foydalanuvchi davlat boshqaruvini respublikadan Konstitutsiyaviy monarxiyaga o‘zgartirishni taklif qilgan. Uning bunga asosi esa quyidagi suratda:


Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimi Saidaxmad Ishanxodjayev esa bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi institutini joriy etish, mazkur huquqni esa parlamentga topshirishni taklif qilmoqda. U bunga Germaniya va Gruziya qonunchiligini asos qilib ko‘rsatgan.

Konstitutsiyaning 20-bob, 98-moddasiga kiritiladigan o‘zgartirishlarga ko‘ra, votum Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.


Sayt foydalanuvchilaridan biri Lazizbek Kimsanov Bosh qonunga prezidentga nisbatan impichment qo‘llash tartibini ham kiritishni taklif qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident xalq manfaatiga ziyon keltiruvchi qarorlar qabul qilsa, parlamentga unga impichment e’lon qilish huquqi berilishi kerak.

Saidaxmad Ishanxodjayev yana bir qiziq taklifni ilgari surgan. Uning fikricha, pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamning boshqa turlarining miqdorini har 6 oyda aholi o‘rtasida iste’mol savatchasi yuzasidan o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovnoma asosida belgilash zarur.

U bunga prezidentning «odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni istaydilar» degan so‘zlari va Xalqaro Mehnat tashkilotining ratifikatsiya qilingan 18 ta konvensiyasini asos qilib keltirgan.

Rajapbay Durdibayev esa yuqoridagi ikki taklif bo‘yicha funksiyalarni o‘ziga jamlagan Konstitutsiyaviy Federal byuro tashkil qilish g‘oyasini ilgari surdi.

Uning fikricha, byuro parlament va Konstitutsiyaviy sudga bo‘ysunadi, qonunchilikdagi yangi tartib-tamoyillar, hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini nazorat qiladi. Bundan tashqari, byuro prezident, bosh vazir, Oliy sud raisi va boshqa oliy martabali lavozim egalariga «impichment» (ayblash, tanbeh va sudga berish) vakolatiga ega bo‘ladi.

Takliflar orasida Bosh qonunga ichki ishlar organlari xodimlariga bodikamerasiz faoliyat yuritishni taqiqlashga oid norma kiritish g‘oyasi ham ilgari surilmoqda.

Foydalanuvchi Og‘abek Yusupovning fikricha, ichki ishlar xodimi fuqaro bilan muaomala qilganida bodikamerasi ishlab turishi shart. Agar IIB xodimining bodikamerasi ishlamayotgan bo‘lsa, xodimning har qanday talabi noqonuniy deb topilishi va bu holatda xodimning kuch ishlatishi jinoyat deb hisoblanishi zarur.

Taklifning e’tiborli jihati, bodikamerasi yo‘q xodimning maqomini oddiy fuqaroga tenglashtirish kerak. Bundan tashqari, har bir fuqaro xodim bilan bo‘lgan suhbati videosini olish imkoniyaga egaligi, video yozuvlarning har qanday holatda o‘chirilishi jinoyat javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishini ham kiritish lozimligi qo‘shimcha qilingan.


Shonazar Safayev esa o‘zbek tilining obro‘sini oshirish maqsadida Konstitutsiyaning 4-moddasiga qo‘shimcha tarzida har bir O‘zbekiston fuqarosi o‘zbek tilini bilishga majbur" degan normani kiritishni taklif qilmoqda.

Uning taklifi ostida boshqa fuqaro bunga e’tiroz bildirgan va boshqa yo‘llar bilan ham o‘zbek tilining obro‘sini ko‘tarish mumkinligini ta’kidlashgan.

Sanjar Abduvaxidov nomi ostidagi foydalanuvchi esa 63-moddaga Nikoh yigit va qizlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi deb o‘zgartirish kiritish taklifini bergan. Amalda esa Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi keltirilgan.


Alim Otegenov esa 75-moddaga «O‘zbekiston Qoraqalpog‘istonning har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy rivojlanishi uchun barcha zarur moliyaviy, moddiy tashkiliy, texnik va boshqada sharoitlar yaratadi. Qoraqalpog‘iston oliy davlat qonunchilik ijro va sud organlarida o‘zining vakillariga ega bo‘ladi» qabilida o‘zgartirish kiritish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.


Anonim foydalanuvchilardan biri barcha ta’lim muassasalarida 5 kunlik ish haftasiga o‘tishni belgilash tarafdori ekanligini bildirdi. Uning fikricha, haftasiga 40 soatdan ortiq ishlashga majbur qilgan rahbarlarni jazolash kerak.


Go‘zal Qodirova esa hokimlarning bir vaqtda ham ijro, ham vakillik organi rahbari bo‘lishini bekor qilishni taklif etmoqda. U Xalq deputatlari mahallaiy Kengashlari raisini — deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash tizimini yo‘lga qo‘yish kerak, degan fikrda.


Yana bir anonim foydaluvchi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni referendum o‘tkazish orqali faqat xalq tomonidan tasdiqlanishi borasida normani qabul qilishni taklif qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar va senatorlardan Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha xuquqlarini olib qo‘yish lozim.


Zumrat Bozorboyeva esa vazirliklar va agentliklar sonini qisqartirish hamda optimallashtirishni taklif etmoqda. Bunda u davlatning barcha funksiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajarishi lozimligini ta’kidlamoqda.

Iskandar Xidirovning fikricha esa subsidiya va imtiyozlar faqat qonun doirasida joriy qilinishi lozim.

Boshqa bir foydalanuvchi Mavlonbek Jumaniyazov esa jurnalistlarga 100 foiz daxlsizlik kafolatini berish kerakligini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistga hech kim qarshilik qilishi, jurnalist javobgarlikka tortilishga daxlsiz bo‘lishi kerak.

Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha takliflarni meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi, 1341 call-markazi, pochta (Konstitutsiyaviy komissiyaga xat yuborish bepul bo‘ladi)
@meningkonstitutsiyam_bot Telegram-boti orqali yuborish mumkin.

Eslatma: Yuqoridagi takliflar Akmal Saidov boshchiligidagi Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishida muhokama qilinmagan, u Bosh qonun loyihasida o‘z aksini topish yoki topmasligi hozircha noma’lum.