Urush boshlanganidan buyon birinchi marta Yevropa Ittifoqining to‘rtta davlati yetakchilari Ukrainaga tashrif buyurishdi. 16 iyun kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya bosh vaziri Mario Dragi va Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis Kiyevga keldi, deb xabar berdi Reuters axborot agentligi.

Yevropalik yetakchilar «Ukraina temir yo‘llari» poyezdida.

Mamlakatda aviaqatnovlar to‘xtab qolgani sababli siyosatchilar Ukrainaga poyezdda yetib kelishdi. Delegatlar urush boshida janglar natijasida vayron bo‘lgan Kiyev viloyatining Irpen shahrini ham kezishdi.
Yevropa davlatlari yetakchilari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Ukraina «Yevropa oilasi»ga tegishli ekanini aytishdi.

«Biz to‘rttamiz ham Ukrainani YeIga zudlik bilan nomzod maqomini qo‘llab-quvvatlaymiz, — dedi Emmanuel Makron. — Yevropa g‘alabaga qadar qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha siz bilan birga».

Emmanuel Makronning qayd etishicha, Kiyevga nomzod maqomini berish «yo‘l xaritasi bilan, shuningdek Bolqon va qo‘shni mintaqadagi, xususan, Moldovadagi vaziyatni hisobga olgan holda amalga oshiriladi».


Fransiya rahbari, shuningdek, G‘arb Ukrainadan Rossiyaga hech qanday yon berishni talab qilmasligi va tinchlik muzokaralar faqat Kiyev shartlariga ko‘ra bo‘lishi mumkinligini; Fransiya va Germaniya esa ukrainaliklar orqasida Rossiya bilan muzokara olib bormasligini aytdi.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham Ukrainaga zudlik bilan YeI a’zoligiga nomzod maqomini berish tarafdori ekanini aytdi, deb yozdi Deutsche Welle.

«Germaniya Ukraina uchun ijobiy yechim tarafdori. Xuddi shu narsa Moldovaga ham tegishli», — qayd etdi u. Olaf Shols hozirgacha Kiyevni nomzod maqomi borasida o‘z pozitsiyasini ochiq bildirmagan, deb yozadi nemis matbuoti.

Germaniya kansleri Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda doimo har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ishontirdi. «Biz nafaqat birdamligimizni namoyon etishni, balki tashkil etayotgan moliyaviy, gumanitar va harbiy jihatdan yordamimiz ham davom etishiga ishonch hosil qilishni istaymiz. Biz bu yordam Ukraina mustaqillik kurashi uchun zarur ekan, davom ettiravemiz», dedi Olaf Shols.

Fransiya, Germaniya va Italiya rahbarlari Irpenda.

Bundan tashqari, Olaf Shols: «Rossiyaning Ukrainaning bir qismini zo‘ravonlik yo‘li bilan tortib olish rejasidan va mamlakatlar chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha imperialistik konsepsiyasidan voz kechishiga erishilish kerak», — dedi. Germaniya kansleri Kremlning Rossiya Ukraina hududini bir qismini egallab olishi va keyin vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishlarni kutishi mumkin bo‘lgan kutishini «Putinning illyuziyasi» deb atadi. Olaf Sholsning aytishicha, Germaniya Moskva bir tomonlama o‘rnatgan shartlar asosida «ta’kidlangan tinchlik»ni rad etadi.

Italiya bosh vaziri Mario Dragi o‘z nutqida «Ukraina o‘z xalqi uchun ma’qul bo‘ladigan dunyoni tanlashi kerak, chunki shu holatdagina tinchlik mustahkam bo‘ladi», deb ta’kidladi. Shuningdek, u Italiya Ukrainani YeIning bir qismi sifatida ko‘rishni istashini aytdi.

«Ukrainadagi gumanitar inqiroz global falokatga aylanmasligi kerak», — deya alohida qayd etdi Mario Dragi.


O‘z navbatida, Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis shunday dedi: «Kelasi haftada bo‘lib o‘tadigan Yevropa Kengashi yig‘ilishida bizning ittifoqimiz atrofida mustahkam va qiymatli qalqon yaratish uchun Ukraina, Moldova va Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzodlar maqomi kafolatlanishi kerak».

«Biz Yevropa tarixining burilish nuqtasida turibmiz. Favqulodda vaqtlar favqulodda strategiya va istiqbolli qarorlarni talab qiladi, — dedi Klaus Yoxannis. — Mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikni rejalashtirish qobiliyatimiz sinovga qo‘yilgan. O‘ylashga vaqt yo‘q».

«Biz hamkorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni qadrlaymiz, yangi yetkazmalarni kutamiz, birinchi navbatda esa og‘ir qurollar, zamonaviy raketa artilleriyasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini», — dedi Vladimir Zelenskiy.


«Har kuni kechikish yoki qaror qabul qilishda kechikish, bu — Rossiya harbiylari uchun ukrainaliklarni o‘ldirish yoki shaharlarimizni vayron qilish uchun imkoniyatdir, dedi u. — Biz qanchalik kuchli qurolga ega bo‘lsak, xalqimizni, yerimizni shunchalik tezroq ozod eta olamiz».

Yevropa yetakchilari Kiyevga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay, havo hujumi haqida ogohlantirish boshlandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Fransiya, Germaniya, Italiya va Ruminiya rahbarlarining Ukraina prezidenti bilan uchrashuvini sharhlar ekan, siyosatchilar «Ukrainaga qurol-yarog‘ kiritishga e’tibor qaratmaydi» degan umidda ekanini bildirdi, deb yozdi RIA Novosti.

«Umid qilamanki, bu uch davlat rahbarlari […] Ukrainani faqat qurol-yarog‘ kiritish orqali qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmaydilar. Bu mutlaqo befoyda, xalqning azoblanishini uzaytiradi, mamlakatga yana yangi zarar keltiradi. Aksincha, umid qilamizki, ular bu aloqadan prezident Zelenskiyni vaziyatga chinakam qarashga undaydilar», — dedi Dmitriy Peskov.

Rasmlar


Bu yerda va quyida: Yevropa rahbarlari Irpendagi vayronagarchiliklarni kuzatishdi.