Qozog‘iston o‘zini o‘zi e’lon qilgan Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmaydi. Bu haqda 17 iyun kuni 25-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF)da mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ma’lum qildi. Yig‘ilishda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etdi.

Uning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlari hamda LXR va KXDR borasida turlicha fikrlar mavjud.

Zamonaviy xalqaro huquq Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomidir. Biroq nizomda belgilangan ikkita asosiy tamoyil endi bir-biriga zid bo‘lib qoldi — bu davlatning hududiy yaxlitligi va millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidir, — dedi Qozog‘iston prezidenti.

«BMTning asoschilari, aftidan, o‘sha paytda buni hisobga olishmagan va ehtimol, ataylab shu murosaga kelishgan hamda hozir bir-biriga zid bo‘lgan ikkita tamoyilni joriy qilgandir. Albatta, ular bir-biriga zid bo‘lishi bilanoq, boshqa tushuncha paydo bo‘ladi. Ayrimlar davlatning hududiy yaxlitligi muqaddas tushuncha, muqaddas toifa deyishadi. Boshqalar esa u yoki bu davlat tarkibiga kiruvchi har qanday xalq o‘z davlatiga ega bo‘lish huquqiga ega va o‘z xohishiga ko‘ra undan ajralib chiqishi mumkin, deya ta’kidlaydi», — dedi Qozog‘iston rahbari.

Qasim-Jomart Toqayevning aytishicha, agar millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi butun dunyoda amalga oshsa, hozirda BMTga a’zo bo‘lgan 193 davlat o‘rniga yer yuzida 500 yoki 600 dan ortiq davlat paydo bo‘lardi.

«Albatta, bu tartibsizlikka olib keladi. Shu sababli biz Tayvanni ham, Kosovoni ham, Janubiy Osetiyani ham, Abxaziyani ham tan olmaymiz va katta ehtimol bilan bu tamoyil, bizningcha, Lugansk va Donetsk kabi „kvazi-davlat“ hududlarga nisbatan ham qo‘llaniladi», — dedi u.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi aprel oyi boshida Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini va «na Qrim bilan bog‘liq vaziyatni, na Donbass bilan bog‘liq vaziyatni» tan olmasligini, chunki BMT ularni tan olmayotganini aytgandi.

Mart oyida O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi chiqishida Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarur, deb hisoblashini ta’kidlagan edi. «O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — deya ta’kidlaganдиu.