16 iyun payshanba kuni soat 20:05 lar atrofida «Yerusti halqa yo‘li» metrosining 6- va 7-bekatlari oralig‘ida qisqa tutashuv sabab, poyezd to‘xtab qoldi. Toshkent metropoliteni mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Bekatlar oralig‘ida joylashgan yo‘l chetidagi to‘sin temirqoplamasining bir qismi kuchli shamol sabab ko‘chib ketib, harakatlanib kelayotgan poyezdning tok qabul qilish moslamasiga tekkan. Natijada esa qisqa tutashuv sodir bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, mashinist poyezdni to‘xtatib, harakatlanishga xavf soladigan holatlar yo‘qligini tekshirib, o‘z harakatini davom ettirgan.

Mas’ul xodimlar holat yuzasidan joyiga borib o‘rganish ishlarini olib borishgani qo‘shimcha qilindi.