O‘zbekistonlik haydovchilar Pokistondan Afg‘oniston orqali tranzit yo‘li bilan birinchi yukni olib o‘tishdi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Yuk mashinalari Pokistonning Karachi portidan Toshkentga muzlatilgan go‘sht partiyasini olib keldi. 2760 km uzunlikdagi yo‘nalish Toshkent, Termiz, Mozori Sharif, Kobul, Peshovar va Karachi shaharlarini qamrab olgan. Ortilgan yuk bir hafta ichida yetkazib berildi.

Ushbu transport yo‘lagi O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida o‘z ishini boshlagan. Uch tomonlama sa’y-harakatlar natijasida bugun ushbu transport koridorining to‘laqonli faoliyat yuritishi, yuklarning qisqa fursatlarda, xavfsiz ravishda belgilangan manziliga yetkazilishi ta’minlanmoqda, deyiladi xabarda.

Transport vazirligi logistika muammolarining muvaffaqiyatli hal etilishi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun tashqi savdo hajmini oshirishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi. Xususan, dengiz portlariga chiqish hamda bu yo‘nalishda qulay transport koridorlarini yaratish O‘zbekiston uchun strategik vazifadir.

Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston 1 iyundan boshlab O‘zbekistonga tranzit yuk tashishga ruxsat berdi. Bunda bir qator talablar: avtomobillar avtokolonnada harakatlanishi, haydovchilarga to‘xtash va kabinadan chiqish taqiqlanishi va boshqalar o‘rnatildi.

Fevral boshida O‘zbek-Afg‘on-Pokiston muzokaralari natijasida deyarli 600 km uzunlikdagi «Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘llarini qurish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» qabul qilingandi. Loyihani amalga oshirish uchun 5 yil ketishi mumkin. Bunga 4,8 mlrd dollar kredit mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilmoqda.