Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida 16 yoshli bola suvda cho‘kib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi mazkur holatga bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, voqea 8 iyun kuni soat taxminan 12:00 larda sodir bo‘lgan. Urgut tumani «Raxmatobod» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosining chap qirg‘oq kanaliga shu mahallada yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan F.M. o‘z ehtiyotsizligi oqibatida tushib ketgan va buning oqibatida cho‘kkan.

Ma’lum bo‘lishicha, shu mahallada yashovchi 2006 yilda F.M. o‘g‘li 8 iyun kuni o‘z ehtiyotsizligi oqibatida suvga tushib ketib, cho‘kib ketgan.

Qidiruv ishlarida mahallaning 65 nafar fuqarosi, tuman IIB xodimlari va tuman FVB mutaxassislari qatnashdi. Natijada 16 iyun kuni soat 13:30 larda «Boybul» mahallasi hududidan o‘tgan «Yangi Darg‘om» kanalining o‘ng tomon qirg‘og‘idan bolaning murdasi tan jarohatlarisiz topilgan.

«O‘lim sababini aniqlash uchun sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, biroq marhumning ota-onasi va yaqin qarindoshlari holat yuzasidan biron bir kishiga da’vo va e’tirozlari yo‘qligini va ekspertizadan o‘tkazishga norozi ekanligini bildirishgan», — deyiladi xabarda.

Bolaning vafotida biror-bir shaxsning harakati yoki harakatsizligida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Urgut tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan.