So‘nggi kunlarda to‘y vaqtida kelin-kuyov o‘rtasida o‘tkazilgan o‘yinda kuyov yutqazganiga chiday olmay, kelinni urgani (video) nafaqat mahalliy balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Bosh prokuratura kuyovni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha hujjatlar sudga oshirilganini ta’kidlagan bo‘lsada, ko‘plab jamoat faollari, xattoki Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham «kuyovto‘raning harakatlarini qoraladi».

Mazkur voqealar rivojida Oliy Majlis Senati ham o‘z munosabatini bildirmay qolmadi. O‘zAda e’lon qilingan xabarga ko‘ra, yuqori palataning Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘rganishlar olib borilgan.

Ushbu to‘y 2022 yil 6 iyun kuni Surxondaryo viloyatida sodir bo‘lgan. «Yigit qilmishidan pushaymon ekanligini aytib, kelindan kechirim so‘ragan. Shu kunning o‘zida kelin-kuyov yarashib ketgan, hozirgi paytda ular birga istiqomat qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Senatda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan Ishchi guruh tuzildi.

Uning tarkibi senatorlar, Vazirlar Mahkamasi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillaridan iborat.

«Ayni kunlarda Ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, shu jumladan, jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, olimlar va mutaxassislar, yoshlar fikrlari o‘rganilib, takliflar yig‘ilmoqda», — deyiladi xabarda.

Senatybyu Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ayollarga, qizlarga bo‘layotgan bunday zo‘ravonlik holatlarini keskin qoralaydi hamda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, zo‘ravonlik qilayotgan shaxslarga keskin choralar ko‘rish bo‘yicha ish olib borishni maqsad qilib qo‘ygani ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, senatorlar yoshlarni mustaqil hayotga, oilaga tayyorlashda yosh avlod ongiga «Oila — muqaddas», «Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat», «Oila jamiyat va davlat himoyasida» va «Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi» g‘oyalarini singdirib borish kerak degan fikrda. Nikohlanuvchilarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratish eng muhim masalalardan biri ekanligi aytilmoqda.

Bundan tashqari, Senat to‘yga qadar bo‘lajak kuyov va kelinni bir-birlarining fe’l-atvorlari, dunyoqarashi va fikrlashlarini yanada yaxshiroq bilishlari uchun Oila markazlari mashg‘ulotlari, davra suhbatlari, savol-javob kechalariga birgalikda jalb etishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bundan ko‘zlangan maqsad — nikohlanuvchi yoshlarga oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishda ko‘maklashishdan iborat.