O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirishda abituriyentlarning ayrim toifalariga beriladigan imtiyozlar qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 16 iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda maktabni bitirgan har 10 nafar o‘quvchining 4 nafari O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasida, xorijga ketayotganlar bilan hisoblaganda bitiruvchilarning har ikkitadan bittasi oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

«Shuni hisobga olgan holda ko‘pgina imtiyozlarni ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu o‘quv yili imtiyozlarni inventarizatsiya qilamiz. Men ularning sonini aytmoqchi emasman, juda ko‘p va xo‘p imtiyozlarimiz bor. Biz keyingi o‘quv yilidan shu imtiyozlarning vaqtini yashab bo‘lganlaridan asta-asta voz kechamiz», — dedi vazir

Uning fikricha, ta’lim va tadbirkorlikka imtiyozlar berilayotganda juda ko‘p mezonlar hisobga olinishi kerak.

Abduqodir Toshqulov shuningdek, o‘qishni ko‘chirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Ota-onalar ham abituriyentlar ham o‘qishga kirayotganda ikkita savolni berayapti. Birinchisi — o‘tish balli eng past bo‘lgan viloyat qaysi? Fishka shu bo‘ldiki, birinchi o‘sha yerga hujjat topshiramiz, o‘qishga kiramiz va keyin ko‘chirib kelamiz. Ikkinchisi bizga, vazirga savol berishadiki — o‘tish balli eng past ta’lim yo‘nalishi qaysi biri? Nimaga desangiz, „biz shunga o‘qishga topshirib, keyingi yil ko‘chirishimiz kerak“ deydi. Bu yerda maqsad qani?», — deya savol bilan yuzlandi vazir.

Uning fikricha, bu ikki savolning javobi yaxlitlansa, maqsad bitta — faqat diplom olish. «Oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsak, ota-onasi sovchilikka borganda o‘g‘lim oliy ma’lumotli degan gap kerak», — deya tanqid qildi u.