Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev «Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina my.vetgov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga beriladi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 1 iyundan 400 mlrd so‘mgacha kredit mablag‘lari hisobidan parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun Markaziy bank asosiy stavkasida 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha revolver kreditlar ajratiladi.

Bundan tashqari, inkubatsion tuxum, bir kunlik jo‘ja, ozuqa mahsulotlari va uning qo‘shimchalari, dori vositalari, qo‘shimcha komponentlar, bug‘doy, makkajo‘xori va boshqa don mahsulotlari uchun aylanma mablag‘lar jamg‘arishga hamda go‘sht yetishtirishdagi loyihalar, inkubatsion sexlar, parrandachilik mahsulotlarini ishlash, saqlash texnologiyalari va boshqa zarur ehtiyot qismlari uchun parrandachilik xo‘jaliklari va parrandachilik omuxta yemi ishlab chiqaruvchilarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli davlat dasturlari bo‘yicha kredit mablag‘lari 10 yilgacha muddatga 3 yilgacha imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun «Mikrokreditbank» ATBga yo‘naltirilgan miqdoridagi mablag‘larini qaytarish muddati 7 yildan 10 yilgacha 5 yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.

Tadbirkorlarga ularning mavjud quvvatlarini to‘liq ishga tushirish uchun oldin ajratilgan kreditlarning qaytarish muddati ularning arizasiga ko‘ra hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi takliflariga asosan 10 yilgacha uzaytiriladi.

«Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo parrandachilik xo‘jaliklariga 2022 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 yanvargacha davrda parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya miqdori 12 ming so‘m etib belgilandi.

Parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmlari yil yakunigacha kamida 35 foizga oshirilib, 600 ming tonnaga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 24 yanvardagi qarori bilan 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha parrandachilik xo‘jaliklariga o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, sotilgan parranda go‘shtining har bir kilogrami uchun subsidiya miqdori 2500 so‘m etib belgilandi.