2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul yilda ikki marta bo‘lib o‘tadi. Bu prezidentning 15 iyundagi qarorida qayd etilgan.

Qabul quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

Avgust oyida — navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq bo‘ladi;

Yanvar oyida — esa dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarida magistraturaga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi. Mutaxassislik fanidan imtihon o‘tkazilmaydi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi.