Hozirda ro‘y berayotgan inqiroz ta’sirida bir qator mamlakatlarda inflyatsiya kuchayib bormoqda. Misol uchun, may oyida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 11% ga yetdi. BMT iqtisodchilarining prognoziga ko‘ra, 2022 yilda hattoki AQSh dollarining inflyatsiya darajasi ham 6,7% ni tashkil qilishi kutilmoqda. Bu AQShda so‘nggi 40 yil ichida kuzatilgan eng yuqori inflyatsiya ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ammo iqtisodiyoti unchalik kuchli bo‘lmagan davlatlarda inflyatsiya ko‘rsatkichlari qanday? Giperinflyatsiyani boshidan o‘tkazayotgan valyutalarning ahvoli qanchalik yomon? «Gazeta.uz» ushbu maqolada sizni turli mamlakatlardagi eng yuqori inflyatsiya ko‘rsatkichlari bilan tanishtiradi.

Inflyatsiya — bu valyutaning qadrsizlanishi natijasida bozordagi mahsulotlar qiymatining osmonga ko‘tarilish jarayonidir. Odatda, inflyatsiya davlat organlari tomonidan nazorat qilinadi, lekin ba’zida vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin va bu holatda giperinflyatsiya sodir bo‘ladi.

Giperinflyatsiya quyidagi mezonlarga qarab aniqlanadi:

  • 3 yil davomida har oyda narxlarning 2% ga oshishi;
  • birdaniga bir oyning o‘zida narxlarning 50% ga qadrsizlanishi;
  • narxlarning yiliga 900% ga oshishi.

Giperinflyatsiya — rekordlar

Zimbabve (2007−2008; hozirgacha). Giperinflyatsiya holatiga yorqin misol qilib 2008 yildagi Zimbabve mamlakatini keltirish mumkin. Zimbabve o‘z milliy valyutasini qabul qilganida uning qiymati 2 AQSh dollariga teng bo‘lgan. Ammo mamlakatda iqtisodiy-ijtimoiy ahvol barqaror bo‘lmaganligi uchun, valyuta qadrsizlanib borgan. 2008 yil noyabrida Zimbabvedagi oylik inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, 79 600 000 000% ni tashkil qilgan. Mamlakatda narxlar har 25 soatda ikki baravarga oshavergan.

Foto: 100 trln Zimbabve dollari qiymatidagi banknota.

Vengriya (1945−1946). 1945 yil avgust — 1946 yil iyul oralig‘ida Vengriyada inflyatsiya ko‘rsatkichi kuniga 207% ni tashkil qilgan. Bu davrda Vengriya milliy valyutasi — pengyo har 15 soat ichida ikki karra qadrsizlanavergan. Bir oy ichida yuz bergan maksimal inflyatsiya ko‘rsatkichi 40 000 000 000 000 000% ni tashkil etgan.

Foto: 1 mlrd pengyolik banknota.

Yugoslaviya (1992−1994). Yugoslaviyada 1992 yil aprelidan 1994 yil yanvarigacha bo‘lgan davr ichida milliy valyuta — dinar har kuni 65% ga qadrsizlangan. O‘sha davrda muomalada bo‘lgan eng yirik nominalli banknota 500 mlrd yugoslav dinari edi. 1994 yilda inflyatsiya darajasi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi va 116 546 000 000% ni tashkil qiladi.

Foto: 500 mlrd yugoslav dinari qiymatdagi banknota.

Turkiya (1990−2005). 1990 yildan boshlab turk lirasi tez sur’atlarda qadrsizlana boshladi, bu esa butun mamlakat iqtisodiyotida uzoq muddatli retsessiyaga saabab bo‘ldi. Faqat 2005 yilda hukumat inflyatsiyani 10% dan kamroq darajaga tushira oldi. Bundan tashqari, yangi turk lirasi joriy etildi va u 1 mln eski liraga almashtirildi (1 yangi lira = 1 mln eski lira).

Gruziya (1993−1995). Gruziyada sovet pul tizimi yo‘q qilingandan so‘ng yangi pul birligi — lari muomalaga kiritildi. Biroq, 1993 yildagi inflyatsiya natijasida uning qiymati 1000 barobarga qadrsizlandi. 1993 yili Gruziya prezidenti Eduard Shevardnadze yangi lari joriy etilishini e’lon qildi va eskilari 1:1 000 000 kursi bo‘yicha almashtirildi (1 yangi lari = 1 mln eski lari).

Peru (1984−1990). 1984 yildagi inflyatsiya Peru tarixidagi eng og‘iri bo‘ldi. Bir necha yil ichida bitta banknotaning maksimal nominal qiymati 5 000 dan 1 000 000 inti (Peruning 1985−1991 yillardagi milliy valyutasi) gacha oshdi. Peru hukumati milliy valyuta kursini faqat 1990 yilda barqarorlashtira oldi.

Braziliya (1985−1994). 1970 yilda Braziliyada inflyatsiya 15% dan 300% gacha o‘sdi, ammo mamlakat iqtisodiyoti o‘zining barqaror o‘sishini saqlab qoldi. 1985 yilda hukumat mamlakatning moliyaviy ahvolini bir xil darajada ushlab turolmadi va giperinflyatsiya ko‘rsatkichi allaqachon 2000% ga yetgan edi. Bir nechta yangi banknotalar — kruzeiro, kruzado, real kruzeiro va realni joriy etish orqali valyuta kursini tuzatish choralari ko‘rildi. 1994 yildagi bir qancha devalvatsiyalar amalga oshirildi, deflyatsiya (narxning pasayishi) uchun choralar ko‘rilgach, inflyatsiyani xalqaro standartlar darajasiga tushirish imkoni paydo bo‘ldi.

Hozirgi kunlar — 2022 yil

Hozirda ham bir nechta mamlakatlarda giperinflyatsiya kuzatilmoqda. Quyida 2022 yil boshidan buyon iqtisodiyotida eng og‘ir holatlar kuzatilayotgan mamlakatlar keltiriladi.

Venesuela. Eng yirik neft zaxiralari bo‘lishiga qaramay, Venesuela bir necha o‘n yillar davomida iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. AQShning Venesuela neft sektoriga qarshi qo‘llagan sanksiyalari inqirozni yanada kuchaytirdi. Oxirgi 9 yilda Venesuela iqtisodiyoti 80 foizga qisqardi, milliy valyuta esa 99 foizga o‘z qiymatini yo‘qotdi. Venesuela milliy valyutasi — bolivarning yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 686% ga teng bo‘lmoqda.

Sudan. Sudanda inqiroz fuqarolar urushi va harbiy to‘ntarishlar sababli yuzaga keldi va haligacha davom etmoqda. Uzoq vaqt davomida mamlakat AQSh sanksiyalari ostida edi. 2021 yil oktabr oyida beqarorlik, zo‘ravonlik va ijtimoiy muammolar uchquni yuz berib, mamlakatda yana davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Sudan pul birligi — Sudan funtining yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 318% ga teng bo‘lmoqda.

Livan. Livan iqtisodiyoti 2021 yilda 60% ga qisqardi. Hozirda mamlakat chuqur moliyaviy inqirozda, mamlakat Markaziy bankining barcha resurslari tugab bo‘lgan. Aholining katta qismi qashshoqlik chegarasidan pastga tushib ketgan. Hukumatning xorijdan yoqilg‘i va dori-darmon sotib olishga imkoniyati yo‘q. Livan funtining yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 224% ga teng bo‘lmoqda.

Suriya. Suriyada beshta xorijiy armiya ishtirok etayotgan uzoq muddatli harbiy mojaro davom etmoqda. Mamlakat deyarli parchalanib ketgan, u yerda yollanma jangarilar harakat qilmoqda, giyohvand moddalar savdosi va terrorizm gullab-yashnamoqda. Suriya funtining yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 139% ni tashkil qilmoqda.

Ushbu mamlakatlar qatoriga Zimbabve (2022 yildagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 61% ga teng), Turkiya (70% — Turkiyada so‘nggi 20 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich), Surinam (61%), Argentina (51%) kabilarni ham qo‘shish mumkin.

Giperinflyatsiyaning yuzaga kelish sabablari va uning oqibatlari

Yiliga 2% dan oshmaydigan inflyatsiya normal holat hisoblanadi. Misol uchun, yevro yiliga o‘rtacha 1% ga qadrsizlanmoqda, dollar esa 1,7% ga. Ammo 2020 yil bilan solishtirganda, dunyo bo‘ylab 2021 yilda jami o‘rtacha inflyatsiya ko‘rsatkichi 3,4% ni tashkil qildi. Ammo nima sababga ko‘ra inflyatsiya ko‘rsatkichlari yuqorida ko‘rsatilgani kabi rekord darajalargacha yetishi mumkin?

Zimbabve misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, mamlakat (sobiq Janubiy Rodeziya) 1980 yilda mustaqillikka erishgach (Buyuk Britaniyadan), hokimiyat tepasiga diktator Robert Mugabe keladi. Bir yil o‘tib Zimbabveda mahalliy dollar paydo bo‘ladi. Mamlakatda mustaqillikkacha bo‘lgan davrda ko‘plab britaniyalik fermerlar yashagan. Ammo prezident Mugabe mamlakatda bundan buyon oq tanli kolonizatorlarga joy yo‘qligini aytib, ularning yerlarini mahalliy yersiz aholiga berish maqsadida britaniyaliklarning barcha yerlarini va chorvasini tortib olgan. Ular mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishgan. Bunday islohotdan keyin asosiy eksport qilinadigan tovarlar — tamaki, paxta va shakarqamishning hajmi birdan tushib ketgan. Qishloq xo‘jaligi ortidan esa ularni qayta ishlaydigan sanoat ham qulaydi. Shaharlarda ochlik va ishsizlik avj oladi. Zimbabve hukumati muammo aholida pulning yo‘qligida degan xulosaga keladi va cheklanmagan miqdorda pul bosib chiqara boshlaydi.

Sobiq Yugoslaviya mamlakatиga keladigan bo‘lsak, ushbu mamlakat 1945 yildan 1992 yilgacha mavjud bo‘lgan va 1970-yillargacha rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanib kelingan. Yugoslaviyada inflyatsiya har doim bo‘lgan, ammo turli choralar orqali vaziyat unchalik og‘ir ahvolga kelishiga yo‘l qo‘yilmagan. Ammo 1980 yilda Yugoslaviya rahnamosi Tito Broz vafot etgach, mamlakatda fuqarolik urushi boshlanadi. 1980 yildan boshlab inflyatsiya ko‘rsatkichlari keskin osha boshlaydi, 1983 yilga kelib esa inflyatsiya boshqarib bo‘lmaydigan darajaga yetadi. Bunga bir nechta sabab bor edi:

  • 1980-yillar oxirida Yugoslaviyaning eng rivojlangan hududi — Sloveniya mustaqillikka erishadi;
  • Byurokratik apparat, shuningdek, armiyani ta’minlash uchun juda katta budjet pullari sarflanadi — oqibatda mamlakat tashqaridan qarzlar ola boshlaydi;
  • Mamlakatda fuqarolik urushi sababli qon to‘kilayotgani uchun BMT Yugoslaviyaga savdo embargosini joriy qiladi. Bu o‘zi shundoq ham jar yoqasida turgan mamlakat iqtisodiyoti uchun og‘ir zarba bo‘ladi.

Mamlakat qayerdandir pul olishi kerak edi, ohir-oqibat pul bosib chiqarish mashinalari ishga tushadi.

1993 yilda Yugoslaviyada har oyda 900 000 dona banknotalar bosib chiqarilib, fuqarolar qo‘liga yetmasdan o‘z qiymatini yo‘qotgan. Birgina o‘sha yilning o‘zida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 30 foizga, sarmoya va sanoat ishlab chiqarish sohasi 37 foizga qisqardi, ishsizlik esa 24,1 foizga oshdi.

1994 yilga kelib giperinflyatsiya darajasi eng yuqori cho‘qqiga chiqqach, dinar pul birligi sifatidagi vazifasini yo‘qotadi: bu vaqtda do‘konlarda oziq-ovqat narxlari allaqachon nemis markalarida ko‘rsatilgan.

Giperinflyatsiya oqibatlari:

  • pullar o‘zining asosiy xususiyatlarini yo‘qotadi;
  • narxlar keskin osha boshlashi;
  • ommaviy bankrot, defolt holatining e’lon qilinishi;
  • fuqarolarning pul jamg‘arish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi;
  • ishsizlikning ortishi;
  • iqtisodiy tanazzullik;
  • davlat moliya tizimining yemirilishi.

Giperinflyatsiya jarayonlari har bir fuqaroning hayot darajasiga va butun davlat iqtisodiyot tizimiga jiddiy ta’sir qiladi. U uzoq cho‘zilsa, davlat iqtisodiyotining barcha sohasiga kirib borishi mumkin va bu aynan shu sababga ko‘ra naxlarning mavsumiy o‘sishidan katta farq qiladi. O‘z mablag‘larini giperinflyatsiyadan himoyalash maqsadida ko‘pchilik fuqarolar, shuningdek, huqumatlar o‘z mablag‘larini nisbatan barqarorroq bo‘lgan aktivlar, ya’ni oltin, aksiyalar (ishonchli kompaniyalarning qimmatbaho qog‘ozlari), obligatsiyalar yoki boshqa valyutalar, misol uchun dollar ko‘rinishida saqlashadi. Oxirgi yillarda yoshlar orasida o‘z mablag‘larini kriptovalyutalarda saqlash ancha urfga aylangan. Ammo so‘nggi yangiliklar shuni ko‘rsatmoqdaki, hattoki kriptovalyutalar ham oldindan aytib bo‘lmaydigan hilqat.