O‘zbekiston yaqin yillarda umumiy quvvati 8 GVt dan ortiq bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya (QTE) manbalarini barpo etishni rejalashtirayapti. Bu haqda Olmaotada bo‘lib o‘tgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha ikkinchi mintaqaviy sammitda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ma’lum qildi.

Hukumat rahbari mamlakat qayta tiklanadigan yenergiya manbalari ulushini 2030 yilga kelib mamlakatda elektr energiyasini ishlab chiqarishning 25 foizigacha oshirishni maqsad qilganini eslatib o‘tdi.

Shuningdek, Abdulla Aripov O‘zbekiston hukumati tomonidan 2022 yil oxirigacha barcha davlat muassasalari va korxonalarini qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgani, shuningdek, amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ijtimoiy, infratuzilma va uy-joy obyektlarini qurishda davlat dasturlari doirasida muqobil energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni majburiy joriy etish bo‘yicha me’yorlar joriy etilayotganini ma’lum qildi.

«Shu bilan birga, tabiiy resurslarni yanada samaraliroq boshqarish, issiqxona gazlari chiqindilarini yanada kamaytirish choralarini ko‘rish zarur… „Yashil“ o‘tish rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun shok holatini yaratmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.

O‘zbekistonning global isishga qarshi kurash bo‘yicha yangilangan majburiyatlariga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakat yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlarining solishtirma emissiyasi 2010 yildagi darajaga nisbatan 35 foizga kamayishi kerak.