Ijtimoiy tarmoqlarda ayol o‘zining 1,5 yoshlar atrofidagi farzandini uxlamagani uchun kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.

Voqea taxminan Samarqand viloyatidagi shifoxonalarning birida sodir bo‘lgan. Tasvirlarda ayol yonidagi sherigiga shu uxlasa «biz ham vaqtida yotardik» deya shikoyat qilgan. Sherigi esa «yaxshi gap bilan tushuntirsa» bo‘lishini uqtirishga harakat qilgan.

Shu payt u farzandi joyini o‘zgartirganda bolakay yig‘lay boshlagan va ayol unga qarata: «O‘chir eee ovozingni. O‘chir, o‘chir, o‘chir» deya bolaning orqa miyasi qismiga shapaloqlab urgan. Bola yig‘lashdan to‘xtamagach ayol uni siltab, «o‘l» deya bir necha marotaba kaltaklagan. Videoda ayol: «Yeb qo‘yding. Yot [uxla]… Ey menga qara hozir urib o‘ldirib qo‘yaman», — deya bolasini kuchli siltab tashlaganini ko‘rish mumkin.

Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jaxongir Sagdullayev mazkur voqea 14 iyun kuni Payariq tumanida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

«Tumanning „Boshqo‘rg‘on“ MFYda istiqomat qilib kelayotgan (1988 y.t.) ayol 2020 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan farzandini davolatish uchun shifoxonaga olib borgan. U yerda stress va asabiy holatda farzandiga nisbatan ushbu harakatlarni sodir etganligi aniqlandi», — dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayol ruhiy sog‘lom va hozirgi kunda o‘zining turmush o‘rtog‘i bilan yashab kelmoqda.

Holat bo‘yicha JKning 110-moddasi 2-qismi (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qiynash harakatlarini sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari amalga oshirilmoqda. Unga 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.