Toshkent hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti «Xalq nazorati» xizmatida poytaxt tumanlari reytingini ishga tushirdi. Ushbu reyting shahar muhiti, obodonlashtirish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish muammolarini hal etishga mas’ul bo‘lgan tuman hokimliklari va xizmatlarning faoliyatini baholaydi. Loyihani ishlab chiquvchilar xizmatlar qanday baholanishi, reyting nima uchun zarurligi va tuman hokimliklarini yaxshiroq ishlashga nima rag‘batlantirayotgani haqida gapirib berishdi.

Reyting nima uchun kerak?

«Xalq nazorati» xizmati Toshkentdagi tuman hokimliklari hamda «obodonlashtirish» va «vodokanal»dan tortib, jamoat transportigacha bo‘lgan 20 dan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ro‘yxati o‘rin olgan. Poytaxt aholisi ushbu xizmat haqida turlicha fikrga ega: portal kimlargadir muammolarni hal qilishga yordam bergan bo‘lsa, boshqalarning arizalari yechimini topmasdan qolmoqda.

Departamentning matematik modellashtirish bo‘yicha mutaxassisi, reytinglarni hisoblash metodologiyasini ishlab chiquvchi Doniyor Gulimovning tan olishicha, xizmat jamoasi ham insof bilan qilinmagan ijroga duch kelmoqda. Agarda fikr-mulohazalar mavhum bo‘lsa, qanday qilib «Xalq nazorati»ni xolis baholash va tizimli muammolarni aniqlash mumkin?

Tizim aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida tuman hokimliklari va xizmatlar fuqarolarning muammolarini qanchalik tez va vijdonan hal etayotganiga baho beradi. Reyting yettita ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, ularning yig‘indisiga ko‘ra har bir tumanga 1 dan 10 gacha ball qo‘yiladi. Ko‘rsatkichlar dolzarb bo‘lib turishi uchun ular har uch daqiqada yangilanadi.

Toshkent hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti direktori Aleksey Xenning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, reyting tufayli tuman hokimliklari rahbarlari nafaqat o‘z o‘rinbosarlari va tuman bo‘limlari faoliyatini ham ko‘rishlari mumkin bo‘ladi, balki tuman reytingini pastga tushiradigan mutasaddilarning kim ekanligini ham aniqlashlari mumkin.

«Barcha hokimlar yaxshi ishlayapmiz, deb o‘ylaydi. Ammo ular 360 darajani ko‘ra olmaydilar. Hokimning e’tiboridan chetda qolgan yoki umuman yo‘q xizmatlar bor. Reytingda hokimlar qanday ishlashini ko‘rsatadi. Ehtimol, kimdir unga muammolar borligini tushuntira olmas. Balki gap nafaqat kimdir yaxshi ishlamasligida, balki pul, xodimlar, jihozlarning yetishmasligidadir», — dedi Aleksey Xen.

Reyting falsafasi raqobat tamoyiliga asoslanadi. Shahar hokimligi tuman hokimliklariga xizmat ko‘rsatishni sinovdan o‘tkazishni e’lon qilganidan so‘ng, yopilgan (hal bo‘lgan) murojaatlar ulushi keskin oshdi, dedi u.

«Hamma ham barchadan yaxshisi bo‘lishni xohlaydi. E’londan keyin [tuman hokimliklarining] shijoati oshib ketgandek bo‘ldi. Shahar hokimi hammasini kuzatayotganini, ko‘rib turganini aytdi», — deya qo‘shimcha qildi hokim o‘rinbosari.

«Xalq nazorati» bo‘limi boshlig‘i va xizmat bosh moderatori Artur Mustafinning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan ikki hafta o‘tgach, yopilgan murojaatlar ulushi 73 foizdan 85 foizga oshgan, muddati o‘tib ketgan murojaatlar esa 22% dan 5,7% gacha kamaygan.

«Avvallari hokimlar [xizmat orqali kelib tushayotgan fuqarolarning murojaatlari] ustida uchib yurgandek tuyulardi. Hokim bilan gaplashasiz, ma’lum bir o‘sish bor, keyin yana pasayish. Ochiq baholanayotgani, ular faoliyatiga o‘rinbosarlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning ishiga qarab baho berilayotganini, buning uchun javob berishlarini ko‘rgan hokimlarda katta qiziqish paydo bo‘ldi. Hozir bu masalani shaxsan o‘zlari nazorat qilishadi», — deydi Artur Mustafin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Xalq nazorati» xizmati avvalroq «Raqamli Toshkent» dasturini amalga oshirish doirasida davlat rahbari Shavkat Miriziyoyevga taqdim etilgan edi.

«Shubhasiz, hokimlar prezident o‘z tumani nima uchun oxirgi o‘rinda ekanini so‘rashini xohlashmaydi».

Reyting qanday tuziladi?

Reyting yettita ko‘rsatkichdan tarkib topadi.

Yopilgan arizalar — tuman muvaffaqiyatli hal qilgan arizalar ulushi. Ishni yopish uchun ariza beruvchi muammoning yechimini tasdiqlashi kerak. Istisnolar moderator tomonidan majburiy ravishda yopilgan so‘rovlardir. Doniyor Gulimov buni ijrochi o‘z vazifasini bajargan va buni isbotlay oladigan, ammo fuqaro norozi bo‘lgan holatlar bilan izohlaydi. Misol uchun, bir kishi lyukni yopishni so‘radi. Pudratchi muammoni hal qiladi, biroq fuqaro bunga rozi bo‘lmay, yo‘lning o‘tish qismidagi chuqurlikni to‘g‘rilab berishni ham so‘raydi. Agar moderator murojaatda ko‘rsatilgan muammo hal qilinganini ko‘rsa, arizani majburan yopadi.

Muddati o‘tgan arizalar tumanda qancha murojaatlar o‘z vaqtida hal etilmaganini ko‘rsatadi. Ikki xil «kechiktirish» mavjud: joriy va o‘tgan yil uchun. Muddati o‘tgan murojaatlar reytingga salbiy ta’sir qiladi. Pasaytiruvchi koeffitsiyenti 1,5 ni tashkil qiladi. Bundan tashqari, o‘tgan yildan beri yopilmagan ariza joriy yilda muddati o‘tgan ikkita arizaga teng.

Tumandagi keskinlik ayni paytda ijro etilayotgan murojaatlar sonini ko‘rsatadi. Bu ham 0,1 pasayish koeffitsiyenti bilan salbiy omil hisoblanadi. Doniyor Gulimov ushbu ko‘rsatkichning tumanni umumiy baholashga salbiy ta’sirini tumanda ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan ko‘p sonli murojaatlar borligi, demak, ular buning uddasidan chiqa olmayotgani bilan izohlaydi.

«Shu bilan birga, murojaatlar soni aholi faolligiga bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tushunamiz. Shuning uchun bizda shunday ko‘rsatkich bor».

Faollik 10 ming kishiga to‘g‘ri keladigan murojaatlar sonini ko‘rsatadi. «Shunday qilib, biz tumanlarga reytingda bir xil sharoit yaratamiz, — deya qo‘shimcha qildi Doniyor Gulimov. — Tuman hokimlari bir tumanda 400 ming, boshqa tumanda 50 ming aholi yashasa, faollik teng bo‘lmasligidan norozi». Shuningdek, O‘zbekistonning istalgan viloyati yoki poytaxt tumanida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar «Xalq nazorati»ga poytaxtdagi muammolar yuzasidan murojaat qilishlari mumkinligini ham tushunish kerak. Boshqacha qilib aytganda, biror kishi Yunusobod tumanida ro‘yxatga olingan, biroq Yakkasaroy tumanidagi kamchiliklar yuzasidan murojaat yuborishi mumkin. Bunday ariza Yakkasaroy tumani tuzilmalari zimmasiga tushadi.

Doniyor Gulimovning so‘zlariga ko‘ra, aholi faolligi ko‘rsatkichini turlicha talqin qilish mumkin. Masalan, faollik Yangihayot tumanida 10 ming aholiga 18, Mirzo Ulug‘bek tumanida 37 tani tashkil etgan bo‘lsa, salbiy nuqtai nazardan qaraganda, keyingi tumanda ham muammolar ko‘proq degani. Ammo bu Mirzo Ulug‘bek tumanida faol fuqarolar ko‘proq ekanini ham ko‘rsatadi: ular «Xulq nazorati» nima ekanligini bilishadi, murojaatlar jo‘natishadi va o‘z shahrini yanada qulayroq qilishga intilishadi. Aholi faolligi u yoki bu hududdagi fuqarolarning o‘ziga to‘qligi va aholining xizmatdan xabardorligiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligi sababli, faollik koyeffitsienti atigi 0,1 ni tashkil qiladi.

«Agar faollik koeffitsiyentini to‘liq qo‘llasak, ko‘p murojaat tushgan sohalar oldinga chiqadi. Lekin bu mutlaqo to‘g‘ri emas, chunki yopilganarizalar ko‘proq, muddati o‘tgan arizalar esa ozroq foiz bo‘lganlar oldinda bo‘lishi kerak, — deya qo‘shimcha qildi Doniyor Gulimov. — Biz reytingni barqarorlashtirish uchun yuqoriga va pastga koeffitsiyentini qo‘llaymiz, chunki barcha omillar teng bo‘lishi mumkin emas».

Quruq rasmiyatchilik — tuman hokimliklari va xizmatlarning «bo‘sh» javoblari soni. Ijrochi fuqaroga muammoni hal qilmasdan turib hal bo‘ldi, deya uch yoki undan ortiq marta javob bergan bo‘lsa, quruq rasmiyatchilik hisoblanadi. «Masalan, tumanlardan birida xizmat: „Pul bo‘lganda asfalt yotqizamiz. Siz aytayotgan chiqindilarni esa olib tashladik“, deb javob qiladi. Fuqaro esa chiqindi haqida umuman hech narsa yozmaganini aytadi. Xizmatga ko‘plab murojaatchilar shu kabi javoblarni jo‘natishdi», — dedi Doniyor Gulimov.

Quruq rasmiyatchiliklar soni yil davomida tumanda yig‘ilib boradi va uning reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Bu ko‘rsatkich keyingi yil boshida nolga qaytariladi. Masalan, 13 iyun holatiga ko‘ra Yashnobod tumanida 235 ta quruq rasmiyatchilik holati mavjud. Bu ko‘rsatkich tuman reytingini yil oxirigacha pastga tortib turadi. Tuman juda ko‘p murojaatlarni qabul qilib, hal etsa, vaziyatni o‘nglashi mumkin. Quruq rasmiyatchilik ulushi yopilgan murojaatlarga nisbatan juda oz bo‘lishi mumkin va tuman shu orqali o‘z reytingini ko‘tara oladi.

Tumanning murakkabligi hududda aholi muammolarini hal qilish qanchalik qiyinligini hisobga oladi. Doniyor Gulimovning aytishicha, mutaxassislar hududning murakkabligini namoyon etadigan ko‘p qavatli uylar, kvartiralar soni, binolarning o‘rtacha yoshi kabi bir qancha ko‘rsatkichlarni ko‘zdan kechirishdi. Jamoa birinchi variantni tanlashga qaror qildi, chunki hududda ko‘p qavatli binolar qancha ko‘p bo‘lsa, barchasini nazorat qilish shunchalik qiyin bo‘ladi. Tumanlarning murakkabligi 1 dan 10 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi.

Vazifashunoslik ijrochilar mehnatining samaradorligini belgilaydi. Ushbu ko‘rsatkichni hisoblash uchun joriy va o‘tgan yilgi muddati o‘tgan murojaatlarni hisobga olmagan holda moderator quruq rasmiyatchilikni hisobga olgan holda ko‘rib chiqmagan arizalarsiz umumiy murojaatlar soniga nisbatan yopilgan arizalar foizini tavsiflovchi formuladan foydalaniladi.

Tumanning umumiy reytingdagi o‘rni yetti ko‘rsatkichning o‘rtacha arifmetik qiymatidan hisoblanadi.

Buning natijasida foydalanuvchilar nafaqat tuman hokimining qurilish yoki uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, balki shaharga xizmat ko‘rsatuvchi 20 dan ortiq tashkilotlarning har bir tumandagi bo‘limi faoliyati reytingini hamda qaysi tashkilotlar butun shahar bo‘yicha o‘z vazifasini qay darajada yaxshi yoki yomon bajarayotganini ham ko‘rishlari mumkin.

Reyting fuqarolarga ham, tumanlar rahbariyatiga ham, xizmatlarning o‘ziga ham kerak. Ular boshqa tumanlar qanday ishlayotganini ko‘rishlari va o‘zlarining zaif tomonlarini aniqlashlari kerak — eng yaxshi tumanlarda ham shunday bo‘ladi, — dedi Doniyor Gulimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, baholash tumanlarni o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilashga undaydi.

«Eng asosiysi — bu yerda hech narsani aylantirib bo‘lmaydi. Bizdan ko‘rsatkichlarni „aylantirib qo‘yish“ so‘ralgan. Lekin buni qanday qilish mumkin? — deya savol beradi Aleksey Xen. — Buning uchun kodlashni bilish, dasturchi bo‘lish, mantiqni tushunish va hech narsani buzib qo‘ymaslik kerak. Buni qilish imkonsiz».

Raqamli rivojlanish deprtamenti rejalarida tumanlarning ishlash reytingini mobil ilovaga o‘tkazish, o‘z vazifasini a’lo darajada bajarayotgan xizmatlarni mukofotlash tizimini joriy etish, «Xalq nazorati»ning yangilangan versiyasini ishga tushirishdan iborat.

Unda, rahbar Aleksey Xenning so‘zlariga ko‘ra, foydalanuvchilar har bir ilova bo‘yicha izohlarni o‘qib, fuqarolar ijrochilarga qanday baho berganini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, yaqinda Toshkent tarkibiga kiritilgan hududlarni qamrab oluvchi yangilangan manzillar reyestri ham paydo bo‘ladi.

«Xalq nazorati» xizmatiga maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimidagi boshqa xizmatlarni ham ulash rejalashtirilgan. So‘nggi yaxshilanishlardan biri xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ro‘yzatiga Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasining ham kiritilishi bo‘ldi.

Bosh moderator Artur Mustafinning so‘zlariga ko‘ra, Qurilish bosh boshqarmasi va tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarining vakolatlari ayrim masalalarni hal etishda yetarli bo‘lmagan. Ushbu tuzilmalar Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasining ham tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilishini so‘rashgan.

«Qurilish vazirligidagi qiziqarli hududiy tuzilma, — deya tushuntiradi Artur Mustafin. — Odatda vazirlik va uning hududiy boshqarmalari bo‘ladi. Tumanda esa Qurilish vazirligining uchta rahbari bor. Birinchisi — hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib, u vazirlik vakili bo‘lib, rasman shaharsozlik qoidalariga rioya etilishi uchun javobgar bo‘lishi kerak. Ikkinchi rahbar — tumanlarda o‘z idoralariga ega bo‘lgan Shahar qurilishi bosh boshqarmasi. Mutlaqo avtonom tarzda ishlaydigan Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qurilish vazirligiga bo‘ysunadi, na hokimliklarga va na qurilish boshqarmasiga bo‘ysunadi».

Ishlab chiqish guruhi «Xalq nazorati» portalida tuman reytingi tamoyilini davlat tashkilotlarining boshqa xizmatlarida ham tatbiq etishni taklif qilmoqda.