Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi poytaxtda yigit va qiz kaltaklangan holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ish Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi, fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa) doirasida ochilgan.

«Hozircha [hodisa] fakti bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida xodimlarning xatta-harakatlariga huquqiy baho beriladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyun kuni Ellona Firsova «Gazeta.uz»ga o‘zi va do‘sti Aleksandr Solenko ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytgandi. Ularga miya chayqalishi, burun suyaklarining sinishi, ko‘karishlar tashxisi qo‘yilgan.

IIV matbuot kotibi IIB xodimlari kaltaklashganini aytgan yigit va qiz «giyohvandlik vositalariga aloqadorlik, shuningdek, profilaktik nazorat buzilishi» bo‘yicha gumonlanib, tekshirish uchun bo‘limga olib borilganini ma’lum qildi. U «boshidanoq fuqarolar o‘zini noo‘rin tutganini» aytib, xodimlar bodikamerasidagi videodan kesib, montaj qilingan tavsirlarni e’lon qilgandi.