O‘zbekistonda 5 oy davomida 3449 ta yong‘in sodir bo‘lib, unda 82 kishi jabrlangan, 48 kishi esa halok bo‘lgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda FVV Bosh boshqarma boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yong‘inlar soni 567 taga (2021 yilning 5 oyi davomida 4016 ta), jabrlanganlar soni 26 taga (108 ta), halok bo‘lganlar soni 6 taga (54 ta) kamaygan.

May oyi va iyun oyining birinchi o‘n kunligida yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyat faollashgani kuzatilayotgani qayd etildi. Mazkur davrda sodir bo‘lgan yong‘inlar 981 tani tashkil etib, 106 tasi qurigan o‘simliklarni yonishi, 665 tasi aholi turar joylari va 210 tasi boshqa obyektlarga to‘g‘ri kelmoqda.

«Yong‘in kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda aholi yasash joylaridagi yong‘inlar maishiy konditsioner va muzlatkichlardan hamda tozalanmagan quruq o‘tlarning yonishidan kelib chiqmoqda», — dedi O‘lmas Muzaffarov.

O‘lmas Muzaffarovning ta’kidlashicha, konditsionerdan uzoq muddat qarovsiz foydalanish, elektr ta’minoti qoidalariga rioya qilmasligi, bittaga mo‘ljallangan quvvat manbalariga bir nechta iste’molchilarning ulanishi, elektr kabellarining haddan tashqari qizib ketishi va buning oqibatida qisqa tutashuv yuzaga kelishi mumkin va bu olov chiqishiga olib keladi.

FVV fuqarolardan konditsionerlarni o‘rnatish ishlab chiqaruvchi korxona ko‘rsatmalariga muvofiq mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi, elektr simlari konditsioner quvvatiga bardosh berishiga e’tibor berishlarini so‘radi. Konditsionerni ulashda alyuminiy simlardan foydalanish tavsiya etilmaydi, uning o‘rniga mis simlardan foydalanish kerak, deyiladi xabarda.

Elektr simlaridagi ortiqcha yuklanish va uning qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun konditsionerni elektr uzatkiya orqali ulash mumkin emas. U faqat ushbu qurilma ulangan rozetkadan quvvatlanishi kerak. Konditsionerning elektr ta’minoti alohida kabel orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy elektr simi bilan ulanadi. Xuddi shu talablar maishiy muzlatgichlar uchun ham qo‘llanilishi kerak.

Qolaversa, kunlar qizishi munosabati bilan korxona va tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar o‘z hududlarini qurigan o‘simliklardan tozalashi, ularni yoqmasliklari kerak, deya ta’kidladi O‘lmas Muzaffarov.