2021 yilda Toshkentda korrupsiyaga oid jinoyatlar soni 3 baravar oshdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov 14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha poytaxt kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda shaharda 59 ta korrupsiya jinoyati qayd etilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 184 tani tashkil etgan. Mazkur harakatlar natijasida o‘tgan yili davlat va jamiyat manfaatlariga 82 mlrd 640 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar eng yuqori ko‘rsatkich Uchtepa (33), Mirobod (25), Chilonzor (20), Mirzo Ulug‘bek (20), va Yashnobod (18) tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har oyda korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, budjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish, aholi murojaatlari, ijtimoiy so‘rovnoma natijalari va ijtimoiy tarmoqlardagi korrupsiya bilan bog‘liq ma’lumotlar tahlili asosida hududlar va sohalar kesimida korrupsiya reytinglari tuziladi.

«Reyting natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan hududlardan biri ekanligi ma’lum bo‘lmoqda. To‘g‘ri, bu yerda poytaxt hudud ekanligining ham ta’siri mavjud. Shunday bo‘lsa ham, raqamlar Toshkent shahri uchun salbiy ko‘rsatkichlarni taqdim etmoqda», — dedi Akmal Burxonov.

Fevraldan aprelgacha bo‘lgan uch oy davomida mamlakatdagi eng ko‘p korrupsion jinoyatlar poytaxtda qayd etilgan. Fevral va mart oylarida shahar mos ravishda 37 ta, mart oyida 50 ta jinoyat ishi bilan 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, aprel oyida 69 ta jinoyat ishi bilan 1-o‘rinni band qildi.

Reytingning asosiy indikatorlaridan biri bo‘lgan budjet mablag‘laridan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxt fevral oyi reyting natijasiga ko‘ra 16 ta nazorat obyektida 5 mlrd 740 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha respublikada 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, mart oyida 80 ta nazorat obyektida 29 mlrd 23 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi bilan bog‘liq holat bilan respublikada 2-o‘rinni band qilgan.

«Korrupsiya holatlariga duch kelganmisiz?» mavzusidagi so‘rovda shahar aholisining 26 foizi «ha» deb javob bergan va Buxoro viloyatida keyingi ikkinchi hudud sanaladi.

«Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilayotganlik ehtimoli bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab ma’lumotlar e’lon qilib kelinmoqda. Xususan 2022 yil mart va aprel oylarida mamlakatda jami 244 ta shu mazmundagi xabarlar e’lon qilingan bo‘lsa, shundan 124 tasi yoki 50 foizi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri keladi», — dedi Akmal Burxonov.


Bundan tashqari, Toshkent shahri prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlardan biri bo‘lib, 2022 yil birinchi choragida jismoniy va yuridik shaxslardan shu mazmundagi jami 4372 ta yoki har 100 ming aholi soniga o‘rtacha 45 ta murojaat kelib tushgan.

«To‘g‘ri, korrupsiyaviy holatlarning aniqlanishi va aybdorlarning javobgarlikka tortilishi bir tomondan huquqni muhofaza qilish idoralarining samarali faoliyat natijasi deyishimiz mumkin, lekin ushbu illatning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillar, sabablarni aniqlash va bartaraf qilish masalasi nafaqat shaharning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari, balki hokimlik tizimi, har bir idora va tashkilot rahbarini o‘ylantirishi kerak», — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari.

Uning fikricha, raqamlar Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.

Akmal Burxonov 40 ga yaqin «eng muhim, vakolatli boshqarma, tashkilot rahbarlarini» o‘zida jamlagan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tashkil etilganini eslatib o‘tdi.

«Shahar korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi biror tashabbus bilan chiqmayapti. Biz buni 2021 yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga karshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga ko‘ra, poytaxt ma’lumotlarni kechiktirib va belgilangan talablarga zid ravishda taqdim etgani uchun umuman baholanmagani hamda mamlakat hududlari orasida oxirgi o‘rinni band etganidan ham ko‘rishimiz mumkin», — dedi u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori 2022 yilning birinchi yarim yilligi uchun baholash iyun oyi oxirida o‘tkazilishi va natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida muhokama qilinishini ma’lum qildi.

«[Toshkent kengashi] bu davr uchun ijobiy natija ko‘rsatadi, degan umiddamiz. Umuman, kengash a’zolari qanchalik korrupsiyaga qarshi kurashish borasida a’zo sifatidagi mas’uliyatni xis qilmoqda, qanchalik viloyatda, o‘z tizimida korrupsiyani kamaytirish uchun harakat qilmoqda — bu kabi savollarni har bir kengash a’zosi o‘ziga qayta va qayta berishi kerak deb o‘ylayman», — dedi Akmal Burxonov.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga Senat rahbari Tanzila Narbayeva raislik qiladi. Kengash prezidentning 2020 yil 26 iyundagi qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi o‘rniga tashkil etilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi. O‘tgan yilning sentabr oyida Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.