Chorshanba kuni soat 07:55 da Toshkentning Bunyodkor shoh ko‘chasida 56-yo‘nalishdagi (7-avtopark) «Isuzu» rusumli avtobus qatnov qismini ajratib turuvchi joydagi chiroq ustuniga borib urildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlardan ko‘rish mumkinki, bu «Xalqlar do‘stligi» saroyi yonidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi oldida sodir bo‘lgan.

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati YTH vaqtida avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmaganini ma’lum qildi. Haydovchi 1991 yilda tug‘ilgan va 6 yilliy ish tajribasiga ega ekanligi qayd etilgan.

Hodisaga esa avtobus harakatlanayotgan vaqtida yengil avtomobil uning o‘ng tomonidan keskin siqib o‘tgani, avtobus haydovchisi esa oldida turgan mashina bilan to‘qnashib ketmaslik uchun rulni chapga burgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. YTHda hech kim jabrlanmagan, deyiladi «Toshshahartransxizmat» xabarida.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa avtomobil piyodalar o‘tish joyi oldida to‘xtagani ma’lum qilinmoqda.

Hodisani Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va «Toshshahartransxizmat»ning yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish bo‘limi tomonidan o‘rganilmoqda.

«Gazeta.uz» keng avtomobil yo‘llari bo‘ylab tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridagi muammolar haqida ko‘plab maqolalar yozgan.

Toshkent chorrahalarini yaxshilash loyihasida ishtirok etayotgan rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman yaqinda poytaxtga tashrifi chog‘ida bunday piyodalar o‘tish joyini birinchi marta ko‘rayotganini qayd etgandi.

«Bu yerda taxminan 20 ta harakat yo‘lagi bor: asosiy yo‘lda 4+4 va ikkinchi darajali yo‘lda 5+3+3. Svetoforlar esa yo‘q», — degandi Gershman.

Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutaxassis tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari faqatgina bittadan ortiq harakat yo‘lagi bo‘lmagan joylarda bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.