O‘zbekistondagi 143 ta madaniyat va istirohat bog‘laridagi barcha 1879 ta yirik va kichik hajmdagi attraksion tekshiruvdan o‘tkazildi.

«Gazeta.uz»ga Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xabar berishicha, shundan 574 ta attraksion texnik nosoz ekanligi aniqlangan.

Barcha attraksionlarning 450 ga yaqini istirohat bog‘lari tasarrufida bo‘lsa, qolganlari xususiy tadbirkorlarga tegishli bo‘lib shartnoma asosida foydalaniladi.

Texnik nosoz deb topilgan attraksionlar faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari ko‘rilgani aytilmoqda.

Hududlar kesimida:

  • Qoraqalpog‘istop Respublikasida 12 ta madaniyat va istirohat bog‘larida jami 104 ta attraksion bor. Attraksionlarning deyarli yarmi — 50 tasi texnik nosoz holatda.
  • Andijonda 16ta madaniyat va istirohat bog‘lari, unda 259 ta attraksion mavjud. Shundan 69 tasi nosoz.
  • Buxoroda mavjud 9 ta madaniyat va istirohat bog‘idagi 115 ta attraksionning — 27 tasida nuksonlar bor.
  • Jizzaxda esa 67 ta turli attraksionlar mavjud bo‘lib, u 7 tamadaniyat va istirohat bog‘ida joylashgan. Ularning 46 tasi texnik nosoz holatda.
  • Qashqadaryoda 12 ta bog‘da o‘rnatilgan 135 ta turli attraksion bor. Shundan 44 tasi texnik nosoz, 73 tasi ta’mirtalab holatda.
  • Navoiydagi 6 ta madaniyat va istirohat bog‘ida 69 ta har xil turdagi attraksion bor. Shundan 13 tasi ta’mirlanmokda, 20 tasi esa yaroqsiz — ularning elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yildi.
  • Namanganda esa 9 ta madaiiyat va istirohat bog‘i bor. Undagi 159 ta attraksionning 73 tasi texnik nosoz holatda.
  • Samarqandda madaniyat va istirohat bog‘i 9 ta. Undagi attraksionlar — 167 ta, shundan 41 tasi texnik nosoz.
  • Sirdaryodagi 2 madaniyat va istirohat bog‘ining 38 ta attraksionida — 6 tasi texnik nosoz.
  • Surxondaryoda jami 146 ta har xil turdagi attraksion 10 ta madaniyat va istirohat bog‘ida joylashgan. Shundan 11 tasi texnik nosoz.
  • Farg‘onada olib borilgan monitoring ishlari natijalariga ko‘ra viloyatning 19 ta madaniyat va istirohat bog‘larida jami 257 ta har xil turdagi attraksion mavjud. Ularning 87 tasi texnik nosoz deb topilgan.
  • Xorazmda ham jami 10 ta madaniyat va istirohat bog‘i bor. Attraksionlar 112 ta. Shundan 39 tasi nosoz, 32 tasi ta’mir talab, 17 tasi ko‘lbola usulda yasalgan.
  • Toshkeng viloyatidagi 7 ta madaniyat va istirohat bog‘larida jami 52 ta har xil turdagi attraksion mavjud. Attraksionlarning 22 tasi texnik nosoz holatda.
  • Toshkent shahrida 7 ta madaniyat va istirohat bog‘i bor. Undagi 52 dona attraksionning 39 tasi texnik nosoz holatda.

Ma’lum qilinishicha, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilgan. Kamchilik aniqlangan attraksionlardan foydalanmaslik sharti hamda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha mahalliy davlat organlariga axborotnomalar kiritilgan. Shuningdek, madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlariga 116 ta taqdimnomalar kiritilgan.

Ma’lumot uchun, «Attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish qoidalari» Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining qarorida belgilangan. Biroq, «Attraksionlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida»gi qaror loyihasi hali ham vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlarni inobatga olgan holda Adliya vazirligiga kiritish uchun qayta ko‘rib chiqilmoqda.