Yadro qurollarining umumiy soni so‘nggi bir yil ichida biroz kamaydi, biroq keyingi o‘n yillikda bu raqam ortishi mumkin. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari institutining (SIPRI) «Qurollanish, qurolsizlanish va xalqaro xavfsizlik» hisoboti mualliflari shunday xulosaga keldi. Hisobot har yili e’lon qilinib, unda yadro quroli va yadroviy kuchlar siyosati sohasidagi hozirgi holatga baho beriladi.

To‘qqizta yadroviy davlat — AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya yadro arsenallarini modernizatsiya qilishda davom etmoqda.

SIPRI eslatmasi: Barcha hisob-kitoblar taxminiydir. Rossiya va AQSh bo‘yicha ma’lumotlar 2010 yilgi Strategik hujumkor qurollarni yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha choralar to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, raqamlar shartnomadagi hisob-kitob qoidalari sababli ular deklaratsiyasiga mos kelishi shart emas

  • «O‘rnatilgan jangovar kallaklar» raketalarga joylashtirilgan yoki tezkor kuch bazalarida joylashgan jangovar kallaklarni anglatadi — SIPRI ulardan 3 732 tasini hisoblagan, shundan 1 744 tasi AQShga, 1 588 tasi Rossiyaga, 120 tasi Buyuk Britaniyaga (2021 yilda Buyuk Britaniya jangovar shay holatidagi yoki raketalarga o‘rnatilgan kallaklarsonini endi oshkor qilmasligini ma’lum qildi), 280 tasi Fransiyaga tegishli.
  • «Saqlanayotgan jangovar kallaklar» deb (jami 5708 ta) ularni jangovar shay holatga keltirishdan avval ayrim tayyorgarliklarni (masalan, tashish va uchirish uskunasiga joylashtirish kabi) talab qiladigan saqlanayotgan zaxira jangovar kallaklarga aytiladi. Bunday jangovar kallaklar AQShda 1964 ta, Rossiyada 2889 ta. Buyuk Britaniyada 60, Fransiyada 10, Xitoyda 350, Hindistonda 160, Pokistonda 165, Isroilda 90 va Shimoliy Koreyada 20 tani (KXDR egalik qilayotgan amalda yig‘ilgan jangovar kallaklar soniga taalluqli) shunday jangovar kallaklar mavjud.
  • «Umumiy zaxira» (barcha mamlakatlarda 9440 ta jangovar kallak, ulardan 3708 tasi AQShda va 4477 tasi Rossiya Federatsiyasida) qurolli kuchlar tomonidan foydalanish uchun mo‘ljallangan kallaklarga tegishli.
  • Inventarizatsiya ma’lumotlari omborlarda saqlanadigan barcha snaryadlarni va demontaj qilishni kutayotgan foydalanishdan chiqarilganlarni o‘z ichiga oladi.

Qurollarni ko‘paytirish rejalari haqidagi bayonotlar

2021 yilda Buyuk Britaniya o‘n yilliklar davomida olib borilgan bosqichma-bosqich qurolsizlanish siyosatiga zid ravishda jangovar kallaklarning umumiy zaxirasi bo‘yicha chegarani oshirish qarorini e’lon qildi, deb yozadi SIPRI. Xitoy va Rossiyani yadroviy sohada shaffoflik yo‘qligi uchun tanqid qilgan Buyuk Britaniya mamlakatdagi yadro qurollari zaxiralari, o‘rnatilgan jangovar kallaklar yoki joylashtirilgan raketalar haqidagi ma’lumotlarni endi oshkor qilmasligini bildirdi.

2021 yil boshida Fransiya uchinchi avlod ballistik raketalari bo‘lgan atom suv osti kemasini yaratish dasturini rasman boshladi. Sharhda qayd etilishicha, Hindiston va Pokiston o‘zlarining yadroviy arsenallarini kengaytirayotganga o‘xshaydi va 2021 yilda har ikki davlat yadroviy yetkazib berish tizimlarining yangi turlarini joriy qildi va rivojlantirishni davom ettirdi.

Yadro quroli borligini oshkora tan olmaydigan Isroil ham go‘yoki o‘zining yadro arsenalini modernizatsiya qilmoqda.

Shimoliy Koreya milliy xavfsizlik strategiyasining markaziy qismi sifatida harbiy yadro dasturiga ustuvor ahamiyat berishda davom etmoqda. Shimoliy Koreya 2021 yilda yadro portlashlari yoki uzoq masofali ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazmagan bo‘lsa-da, SIPRI hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda mamlakatda 20 tagacha jangovar kallak yig‘ilgan va 45−55 ta kallak ishlab chiqarish uchun yetarli materiallar mavjud.

«Agar yadroviy davlatlar qurolsizlantirish bo‘yicha zudlik bilan va aniq choralar ko‘rmasa, u holda dunyoda yadro kallaklari zaxiralari yaqin orada sovuq urushdan beri birinchi marta ko‘payib boshlashi mumkin», — deydi institutning kichik ilmiy xodimi Mett Kord.

Institut «yadro diplomatiyasining aralash signallari»ni qayd etadi. Yadro qurollarini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma 2021 yil yanvar oyida 51 ta davlat tomonidan (AQSh, Rossiya yoki Xitoyni hisobga olmaganda) ratifikatsiya qilinib, kuchga kirdi, AQSh va Rossiya o‘rtasida qurollanish ustidan nazorat to‘g‘risidagi oxirgi ikki tomonlama kelishuv muddati yana besh yilga uzaytirildi, boshqa muhim hodisalar ham bo‘lib o‘tdi.

2021 yil davomida BMT Xavfsizlik Kengashining yadro quroliga ega doimiy a’zolari — Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar 2022 yil 3 yanvarda e’lon qilingan qo‘shma bayonot ustida ishladilar. Unda «yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘linmasligi va hech qachon amalga oshmasligi» tasdiqlandi. «Beshlik», shuningdek, yadro qurolini tarqatmaslik, qurolsizlanish va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvlar va majburiyatlarni, shuningdek, 1968 yildagi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini hurmat qilish va yadro qurolidan xoli dunyo maqsadiga erishishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Shunga qaramay, beshlikning barcha a’zolari o‘zlarining yadroviy arsenallarini kengaytirish yoki modernizatsiya qilishda davom etmoqdalar va o‘zlarining harbiy strategiyalarida yadro qurolining ahamiyatini oshirayotganga o‘xshaydi. «Rossiya hatto Ukrainadagi urush kontekstida yadro qurolidan foydalanish ehtimoli bilan ochiq tahdid qildi», deb yozadi SIPRI qanday bayonotlarni nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan holda. Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tiyib turuvchi kuchlarni maxsus jangovar navbatchilik rejimiga o‘tkazishni buyurgan — ular orasida strategik yadroviy kuchlar ham bor.

Institut sharhida aytilishicha, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi strategik barqarorlik bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar urush tufayli to‘xtab qolgan va boshqa yadroviy kuchlarning hech biri qurol nazorati bo‘yicha muzokaralar olib bormayapti.

«O‘tgan yili yadroviy qurollarni nazorat qilish va yadroviy qurolsizlanish sohasida sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, yadro quroli xavfi hozir Sovuq urush avj olgan paytdan beri har qachongidan ham yuqoriroq ko‘rinadi», dedi SIPRI direktori Den Smit.

«Dunyoning buyuk derjavalari o‘rtasidagi munosabatlar insoniyat va sayyoramiz faqat xalqaro hamkorlik orqali hal qilinishi mumkin bo‘lgan ko‘plab jiddiy va dolzarb umumiy muammolarga duch kelayotgan bir paytda yanada yomonlashdi», dedi SIPRI boshqaruvi raisi Stefan Lyoven.

Yuqoridagilardan tashqari, SIPRI Yilnomasi 2021 yilda oddiy qurollarni nazorat qilish sohasidagi o‘zgarishlar, qurolli mojarolar va mojarolarni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy sharhlar, harbiy xarajatlar, xalqaro qurol yetkazib berish va ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumotlar va boshqalarni ham o‘z ichiga oladi.