2022−2023 yillarda O‘zbekistondagi barcha sayyohlik obyektlarida, shuningdek, aeroportlar, vokzallar va avtovokzallarda Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga muvofiq «sanitariya inqilobi» amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Botir Shahriyorov boshchiligidagi yig‘ilishda O‘zbekistondagi barcha turistik obyektlar, jumladan, madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar, sayyohlik zonalari, dam olish maskanlari, sport va dam olish maskanlari, madaniyat va istirohat bog‘larida hojatxonalar mavjudligi, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi tekshirilishi aytildi.

Turli vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat respublika ishchi guruhi iyundan sentabrgacha mazkur obyektlarning barchasida o‘rganishlar olib boradi. Sanitariya inshootlari bo‘lmagan joylarda ular quriladi. Jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratilganligiga e’tibor qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning mart oyida hukumatning «Yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Hujjat bilan, 27 ta madaniy meros obyektlari va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar, shuningdek, 125 ta AGTKSHga tutash hududlarda sanitariya inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ro‘yxatlari tasdiqlandi.

2018 yil boshida Turizm vazirligi (o‘sha paytda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi) butun O‘zbekiston bo‘ylab jamoat hojatxonalari holatini yaxshilash rejasini e’lon qilgan edi. Mamlakatda hojatxonalarni inventarizatsiya qilish va umumiy hojatxonalar tarmog‘ini qurish bo‘yicha hujjat ishlab chiqildi.

2019 yil kuzida hukumat qarori qabul qilindi, unga ko‘ra, 2020 yil 1 martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalari sanitariya hamda shaharsozlik norma va qoidalariga javob beradigan 24 soatlik jamoat hojatxonalari bilan jihozlanishi kerak.