14 iyun kuni Ibodullayev Voxid Azizovich Sirdaryo viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

U 1979 yilda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyalari institutini va Toshkent arxitektura va qurilish instituti tamomlagan. U mazkur tayinlovga qadar O‘zbekiston Qurilish vazirligi Ichki audit va komplayens-nazorat boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan.

Bundan tashqari, seshanba kuni Kitob tumani hokimi ham o‘zgardi. 2019 yil oktabridan beri mazkur lavozimda ishlagan Alisher Zokirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan. U 7 iyun kungi videoselektorda prezidentdan «xayfsan» olgandi.

O‘ktam Pardayev.

Uning o‘rnini O‘ktam Pardayev egalladi. U 1978 yilda Qamashi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan. U tayinlovga qadar Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.