13 iyun kuni Nyu-Yorkda O‘zbekiston hamda Antigua va Barbuda diplomatik munosabatlarni o‘rnatishi to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibrohimov va Antigua va Barbudaning BMTdagi doimiy vakili Uolton Alfonso Vebson imzoladi.

Antigua va Barbuda O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 141-davlat bo‘ldi. Orol davlat Karib dengizining g‘arbiy qismida joylashgan va u Britaniya Hamdo‘stligi, shuningdek Amerika Davlatlari Tashkilotiga a’zo.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

«Hukumatimiz dunyo bo‘ylab xalqaro munosabatlarni kengaytirishdan juda mamnun, O‘zbekiston esa yangi oilamizni kengaytirgan global a’zo hisoblanadi. Biz ushbu kelishuv Antigua va Barbuda va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi ijtimoiy va madaniy aloqalarimizni mustahkamlashga ko‘maklashishiga ishonamiz hamda global birdamlik va global tinchlik yo‘lida birgalikda ishlayotganimiz uchun iqtisodiy jihatdan ham aloqalarni mustahkamlashga umid qilamiz», — dedi Uolton Alfonso Vebson.

Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni O‘zbekiston Sent-Vinsent va Grenadin orollari bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgandi.